O‘zbekiston – BMT: uchrashuvlar g‘oyalarni hayotiy haqiqatga aylantirmoqda
Birlashgan Millatlar Tashkilotining amaldagi rahbari Antoniu Guterrish 2017 yil 1 yanvardan buyon Bosh kotib lavozimida ishlab keladi. U o‘z vazifasiga kirishgan birinchi yildayoq O‘zbekistonga kelgan. Davlatimiz rahbari Guterrish bilan Samarqand shahrida muzokara o‘tkazishi, shuningdek oliy martabali mehmonning Qoraqalpog‘istonga safari kelgusi munosabatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Boisi u o‘shanda Orol fojiasi oqibatiga shaxsan guvoh bo‘lgan edi. Bunday yondashuv tuzilmaning mazkur ekologik falokat asoratlarini yumshatishga qaratilgan sa’y-harakatlarida aksini topdi.Oradan ko‘p o‘tmay, Shavkat Mirziyoyev va Antoniu Guterrish Bosh assambleya 72-sessiyasi doirasida bevosita muloqot qildi.
Eng muhim, ushbu anjumanda O‘zbekiston nomidan bildirilgan takliflar ko‘p o‘tmay hayotga ko‘chdi. BMT bosh kotibi bilan navbatdagi uchrashuv 2019 yil Pekinda bo‘lib o‘tdi. Tomonlar “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi doirasida olib borilgan muzokarada O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi sa’y-harakatlari va tashkilot bilan hamkorlikning keng qamrovli masalalari ko‘rib chiqilgan.
COVID-19 pandemiyasi butun dunyo bo‘ylab harakat erkinligini chekladi. Shu bois Bosh assambleyaning navbatdagi bir necha sessiyasi virtual shaklda tashkil qilindi. Mamlakatimiz yetakchisi, nihoyat, 2023 yili jarayonda yana shaxsan ishtirok etdi. Nyu-Yorkda jahon tashkiloti rahbari bilan, jumladan, Markaziy Osiyodagi vaziyat hamda Afg‘oniston masalasini atroflicha muhokama qildi.
Antoniu Guterrish 2024 yil 30 iyun kuni ikkinchi bor yurtimizga keldi. Bosh kotib Yangi O‘zbekiston bog‘i, Hazrati Imom majmuasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yuqori martabali mehmonni Ko‘ksaroy qarorgohida qabul qildi. O‘zbekistondagi islohotlar butun mintaqa hayotiga ijobiy ta’sir qilayotgani alohida ta’kidlandi. Muloqotdan so‘ng Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga oliy darajali “Do‘stlik” ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat arbobining BMT hamda mamlakatimiz o‘rtasidagi munosabatni yaxshilashga qo‘shgan hissasi shu tariqa e’tirof etildi.
Joriy yil 5 avgustda Turkmanistonning “Avaza” milliy turizm hududida bo‘lib o‘tgan BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha III Konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston yetakchisi Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, Antoniu Guterrishning o‘tgan yil iyul oyidagi mamlakatimizga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda 160 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizning BMT bilan samarali hamkorligi, O‘zbekistonning bugungi kundagi eng dolzarb global muammolar yechimiga qaratilgan muhim tashabbuslari xalqaro, xususan jahon tashkiloti miqyosida haqli ravishda e’tirof etilmoqda va qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Muharrama Pirmatova, O‘zA