O‘zbekistonning birinchi xonimi Xitoydagi madaniy tadbirlarda ishtirok etdi

1 sentyabr kuni Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida davlat va hukumatlar rahbarlarining rafiqalari ishtirokida madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva Xitoy Xalq Respublikasi Raisining rafiqasi Pen Liyuan, Turkiya birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an, Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, Mo‘g‘uliston birinchi xonimi Luvsandorj Bolorsetseg, Armaniston Bosh vazirining rafiqasi Anna Akopyan, Nepal Bosh vazirining rafiqasi Radxika Shakya va Kambodja Bosh vaziri rafiqasi Pich Chanmoni bilan birgalikda Xayxe daryosi bo‘ylab teploxodda sayr qilishdi.

Buyuk Xitoy tekisligi bo‘ylab oquvchi Xayxe daryosi shahar tarixida muhim rol o‘ynagan. Turli davrlarda daryoning etagida poytaxtni himoya qilish uchun mo‘ljallangan qal’alar qurilgan.
Birinchi xonimlar ushbu qal’alarni ko‘zdan kechirdi. Mehmonlar uchun sahnalashtirilgan tomosha ham tashkil etildi. Madaniy meros, an’anaviy san’at va tarixni asrab-avaylash muhimligi alohida qayd etildi. Zero, ular xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Birinchi xonimlar tabiat qo‘ynida mamlakatlar xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekistonning birinchi xonimi Tyanszin shahridagi eng yirik badiiy-tarixiy muzeyga ham tashrif buyurdi. Bu madaniyat maskani Xitoydagi birinchi toifali muzeylardan hisoblanadi. U sobiq Tarix muzeyi va San’at muzeyi eksponatlarini o‘zida birlashtirgan. Muzeyning yangi binosida ko‘rgazma zallari, omborlar va ilmiy tadqiqot markazlari joylashgan. Muzey kolleksiyasida 218 mingga yaqin eksponat mavjud bo‘lib, ularning aksariyati “qimmatli madaniy durdonalar“ toifasiga kiritilgan.

Yuqori martabali mehmonga Tyanszinning tarixiy ahamiyati va uning boy tarixi aks etgan uchta asosiy ekspozitsiya – “Qadimiy Tyanszin“, “Tyanszinda Xitoy madaniyatining yuz yili“ va “Yaoshi xazinalari — madaniy durdonalarning betakror ekspozitsiyasi“ namoyish etildi.

Muzey kolleksiyasida 60 dan ortiq noyob san’at asarlari to‘plami, jumladan, qadimiy bronza buyumlari, nefrit, xattotlik va tasviriy san’at namunalari, chinni buyumlar bor.


Shu kunning o‘zida Ziroat Mirziyoyeva O‘zbekiston Prezidenti bilan birga Pekinga yetib keldi.