Bugungi global davrda SHHTning raqamli rivojlanish strategiyasi muhim ahamiyatga ega

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tyanszin shahrida o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi sammitda ishtirok etadi.
Tadbirlar kun tartibidan ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirishning dolzarb jihatlari o‘rin olgan.
Ushbu muhim muzokara maydoni ko‘p jabhalarda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Jumladan, tuzilmaning raqamli rivojlanish strategiyasi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan loyihalar ham bisyor.
Mavzu yuzasidan Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi Ozod TANBAEV fikrlari bilan qiziqdik.
— Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘zining raqamli kun tartibini amalga oshirishda muhim bosqichga kirdi, — deydi u. — Keyingi besh yil ichida tashkilot raqamlashtirishni tobora faol ravishda deyarli barcha yo‘nalishlarga, jumladan elektron boshqaruv va transchegaraviy savdodan tortib kiberxavfsizlik, infratuzilmani rivojlantirish hamda sun’iy intellektgacha joriy etmoqda.
Biroq deklaratsiyalardan amaliyotga o‘tilar ekan, SHHT texnologik nomutanosibliklar, suverenitetlar o‘rtasidagi raqobat va tashqi geosiyosiy bosimlar bilan belgilanadigan murakkab sharoitga ham duch kelmoqda.
A’zo davlatlar raqamli transformatsiyani eng muhim strategik ustuvor yo‘nalishlardan biri deb belgilagan. Raqamlashtirish tashkilotning uzoq muddatli rivojlanish rejalari va institutsional arxitekturasiga kiritilgan. Bu qator asosiy hujjatlarda aks etgan. 2020 yilda qabul qilingan SHHT Davlat rahbarlari kengashining Raqamli iqtisodiyot haqidagi bayonoti, 2023 yildagi Raqamli transformatsiya to‘g‘risidagi bayonot hamda 2025 yil iyunda tasdiqlangan Raqamli transformatsiya bo‘yicha Harakatlar rejasi shular jumlasidan.
Mazkur so‘nggi hujjat hamkorlikni kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilish, elektron tijorat va aqlli logistika, sun’iy intellekt va robototexnika, kadrlar tayyorlash, me’yoriy-huquqiy uyg‘unlashtirish kabi muhim ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tizimlashtiradi.
Tuzilmaning raqamli integratsiyaga yo‘nalishini bir qator jarayonlar tasdiqlaydi.
Birinchidan, transchegaraviy elektron tijorat jadal o‘smoqda. 2024 yilda Xitoy va SHHTning boshqa mamlakatlari o‘rtasida raqamli platformalar orqali amalga oshirilgan savdo hajmi 14 foizga oshib, 12,8 milliard dollarga yetdi. Alibaba va JD.com kabi xitoy kompaniyalari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Pokistonda faoliyatini kengaytirib, Pekinning mintaqaviy platforma iqtisodiyotidagi yetakchiligini mustahkamladi.
Ikkinchidan, kiberxavfsizlik SHHT doirasida hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylandi. A’zo davlatlar kiber mudofaa, dezinformatsiyaga qarshi kurashish hamda ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha yondashuvlarni rivojlantirishda hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda. Bu borada Moskva SHHT doirasida umumiy “kiber suverenitet” konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Boshqa a’zolar, jumladan, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqada yanada xavfsiz va ishonchli raqamli muhit yaratishga o‘z tajribasi va qarashlarini qo‘shishga tayyor ekanini bildirmoqda.
Uchinchidan, SHHT davlatlari o‘rtasida me’yoriy uyg‘unlashtirish bo‘yicha tajribalar boshlandi. 2023–2025 yillarda Xitoy, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida raqamli bojxona va logistika sohalarida pilot loyihalar amalga oshirildi. Ular ma’lumotlar oqimini soddalashtirish, raqamli imzolardan foydalanish va elektron litsenziyalarni o‘zaro tan olish orqali SHHT doirasida “Raqamli Ipak yo‘li”ni shakllantirishni maqsad qilmoqda.
2025 yilda Tyanszinda o‘tkazilgan Raqamli iqtisodiyot forumida taklif qilingan SHHT Raqamli markazini tashkil etish markazlashgan muvofiqlashtirish mexanizmini yaratishi mumkin. Bunday platforma raqamli standartlarni uyg‘unlashtirishi, tizimlarning moslashuvchanligini ta’minlashi va sun’iy intellekt, logistika hamda “aqlli shaharlar” bo‘yicha pilot loyihalar uchun markaz bo‘lishi mumkin.
Xulosa shuki, strategiya va tuzilma o‘rtasida SHHTning raqamli transformatsiya strategiyasi keng qamrovli va o‘z vaqtida ishlab chiqilgan. Bu global boshqaruvdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga intilayotgan mintaqaviy tashkilotlar tendensiyasini aks ettiradi.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev
yozib oldi.