47 mln so‘m mablag‘ iste’molchi foydasiga undiriladi

2022 yilda fuqaro J.M. Nukus tumanida qurilishi rejalashtirilgan turar joy majmuasining birinchi qavatidan bir xonali xonadonni 279,2 million so‘mga xarid qilish maqsadida quruvchi “A-S company” MCHJ bilan shartnoma tuzgan.
Shartnoma asosida iste’molchi 45 million so‘m boshlang‘ich to‘lovni bank orqali “A-S company” MCHJ hisob raqamiga o‘tkazgan. Ammo oradan uch yildan ortiq vaqt o‘tsa ham, turar joy qurilishi boshlanmagan.
Mazkur holat yuzasidan J.M. Nukus tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Jamiyat mutaxassislari iste’molchining manfaatini ko‘zlab sudga da’vo arizasi kiritgan.
Sud ishni ko‘rib chiqqach, da’vo talablarini asosli deb topib, qaror qabul qilgan.
Qarorga ko‘ra, javobgar “A-S company” MCHJdan J.M. foydasiga 45 million so‘m boshlang‘ich to‘lovni, 2 million so‘m ma’naviy zarar uchun tovon va 37,5 ming so‘m pochta xarajatlarini undirish belgilangan. Shuningdek, davlat boji summasi ham davlat daromadiga undiriladi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan shu kabi choralar fuqarolarning huquqiy manfaatlarini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida qonuniylik va mas’uliyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Iste’molchilar o‘z huquqlari buzilgan taqdirda “1091” qisqa raqamiga murojaat qilib, mutaxassislar yordamini olishlari mumkin.
M.Eshmirzayeva, O‘zA