Yana bir noqonuniy qurilma majburiy buzdirildi

Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan sud qarorlariga asosan, fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan qurilmalarni majburiy buzish ishlari amalga oshirilmoqda.
– Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari natijasida jami 140 ta noqonuniy qurilmalar buzdirilishiga erishilgan, – deydi Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi davlat ijrochisi Nurzoda Abdikarimova. – Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining joriy yil 5 iyun kungi ijro hujjatiga asosan, Nukus shahridagi 194 kv.m. yer maydoniga o‘zboshimchalik bilan qurilgan poydevorni majburiy buzdirish va yer maydonini yaroqli holatga keltirish belgilangan.
Ushbu ijro hujjati bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlariga kirishildi. Jumladan, javobgarga noqonuniy qurilmani o‘z hisobidan buzishi lozimligi haqida bir necha marotaba tushuntirish va ogohlantirish berildi. Shunga qaramasdan, javobgar tomonidan noqonuniy qurilma ixtiyoriy ravishda bartaraf etilmadi.
Shu sababli, ushbu noqonuniy qurilma Byuro xodimlari tomonidan, maxsus texnika vositalari yordamida majburiy buzdirib tashlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri