Qoraqalpog‘istonlik faol tadbirkorlar ham munosib taqdirlanishdi

97

Nukusda Tadbirkorlar kuni munosabati bilan Prezidentimizning farmoni va farmoyishiga ko‘ra, ko‘plab sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan bir guruh tadbirkorlarga davlatimiz mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov yig‘ilganlarni ajoyib sana bilan tabriklab, davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, buning samarasida kichik va o‘rta biznesga yaratiladigan yangi imkoniyatlar borasida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, yurtimizda bu soha ish o‘rni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qo‘shilgan qiymat va eksportni ko‘paytirishga eng katta turtki berayotgan yo‘nalishga aylandi. So‘nggi besh yilda kichik va o‘rta tadbirkorlar soni 2 karra ko‘paydi. Iqtisodiyot hajmining yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga to‘g‘ri kelayapti. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bizning strategik yo‘limiz.

2021 yildan buyon davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib kelmoqda. Har yili 20 avgust yurtimizda Tadbirkorlar kuni sifatida nishonlanmoqda. O‘z navbatida, ishbilarmon doira vakillari ham iqtisodiyotimizning haqiqiy tayanchiga aylanmoqda.

Bayram arafasida mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, yurtimizning iqtisodiy qudrati va eksport salohiyatini yuksaltirishda salmoqli natijalarga erishayotgani, tashabbuskorligi, zamonaviy bilim va tajribasini namoyon etib, investitsiyalarni jalb qilish, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatishni yanada kengaytirish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash yo‘lida alohida jonbozlik ko‘rsatayotgani uchun bir guruh tadbirkorlar davlat mukofotlari hamda ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanishdi.

Taqdirlanganlar nomidan Nukus shahridagi “Good Cafe” oilaviy korxonasi rahbari, “Shuhrat” medali sohibasi Mohira Mamutova, Qonliko‘l tumanidagi “Zamira Kazayakli” fermer xo‘jaligi boshlig‘i, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi Zulfat Yeshanovlar so‘zga chiqib, qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlarga qaratayotgan alohida e’tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

– 2018 yili tashkil etilgan korxonamizda bugungi kunda 40 ga yaqin turdagi lak-bo‘yoq ishlab chiqarilmoqda, – dedi Nukus shahridagi “Nukus lak-bo‘yoqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi Hojiakbar Habibullayev. –50 nafar ishchi, asosan, yoshlar doimiy ish bilan ta’minlangan. Yaqin kunlarda mahsulotlarimizni Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilmoqchimiz.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri