“Vatan” nomli qo‘shiqlar to‘plami taqdim etildi

Vatan haqidagi qo‘shiqlar qanday bo‘lmog‘i kerak? Ular zamonaviy, jo‘shqin, zavqli, jozibador bo‘lishi zarurligini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan “Vatan” nomli qo‘shiqlar to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirga keng jamoatchilik, yozuvchi va shoirlar, kompozitorlar, o‘qituvchilar, talaba-yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “Vatan” nomli qo‘shiqlar to‘plami tayyorlandi.
Mazkur loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimiz orasida vatanparvarlik, yangi milliy ruhiyat va umummilliy birdamlikni tarannum etuvchi, zamonaviy uslubdagi, yoshlar qalbiga yaqin musiqiy asarlarni yaratishga yaqindan ko‘maklashishdan iborat.

Taqdimot tadbirida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov mamlakatimizda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish masalasi tegishli tuzilmalar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashini ta’kidladi.
– Maqsadimiz bitta – yurtimiz yoshlarini yanada ma’rifatli bo‘lishiga hissa qo‘shish, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov. – Inson ruhiyatiga, uning ma’naviyatiga eng tez ta’sir ko‘rsatuvchi vosita bu san’atdir. “Vatan” nomli qo‘shiqlar to‘plami o‘zida ko‘plab ashulalarni jamlagan. Ushbu to‘plamni yaratishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar bilan birgalikda mehnat qildik. Yurtimiz ijodkorlari vatanparvar, yurtparvar ekani shu jarayonda yana bir karra namoyon bo‘ldi. Ayrim ishtirokchilar hatto AQSHdan yetib kelib, uning yuzaga kelishiga o‘z hissasini qo‘shdilar. Mazkur qo‘shiqlar to‘plami chin ma’noda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ulug‘vor g‘oyani o‘zida mujassam etgani bilan diqqatga sazovor.
Aytish kerakki, ”Vatan” to‘plamidan Xayriniso Akbarova va Qosim Muinovning “Ona yerim”, Davlatshoh Hamroqulovning “Millatim”, Mirshod Elovning “Botirlar qo‘shig‘i”, “Setora” guruhining “O‘zbekiston – taqdirim”, shuningdek Shahnoz, Farrux Fazel, Jenisbek Piyazov va “Setora” guruhi ijrosidagi “Olg‘a, O‘zbekiston” taronalari joy olgan.
Mazkur loyihada shoirlar Muhammad Siddiq, Nurmuhammad Zoir, Farrux Jabborbek, Shahnoz hamda bastakorlar Qosim Muinov, Hamidjon Munirov, O‘ktamxon Hakimbek kabi ijodkorlar faol ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri