Sport xabarlari

104

4-14 sentyabr kunlari Angliyaning Liverpul shahri boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslariga mezbonlik qiladi. Ushbu jahon birinchiligida 60 ta davlatdan 500 dan ortiq bokschilar ishtirok etishi kutilmoqda.

Janglarning saralash va chorak final bosqichlari 4-10 sentyabrga belgilangan. 12-13 sentyabrda yarim final uchrashuvlari o‘tkaziladi. Finallar 14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan.

***

Jizzax shahrida joylashgan “Kibersport arenasi” sport majmuasida taekwondo WT bo‘yicha kichik o‘smirlar o‘rtasida mamlakat birinchiligi hamda kattalar o‘rtasida Olimpiya vaznlari bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan kelgan iqtidorli yosh atletlar ishtirok etdi.

Musobaqaning kichik o‘smirlar birinchiligida o‘tgan bellashuvlarda Asadulloh Ilhombekov, Sarvar Zaynutdinov, Muhammadbek Turdiyev, Iforabegim Xo‘jamberdiyeva, Ruxshona Erkinova, Zalida Sarsenboyeva, Asalxon Nizomiddinova hamda Zilola Alimova o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

***

Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi chorak final bahslariga start beriladi. 25-27 avgust kunlari davomida yarim final ishtirokchilari aniqlanadi. O‘yinlar bitta bahsdan iborat bo‘lib, agar 90 daqiqa davomida g‘olib aniqlanmasa qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qilinadi va unda ham kuchlar teng kelsa, penaltilar seriyasiga o‘tiladi.

Chorak final bosqichini “So‘g‘diyona” va “Navbahor” uchrashuvi boshlab bersa, 26 avgust kuni “Paxtakor” – “Mash’al” klublari to‘qnashadi. 27 avgustda “Dinamo” – “Sho‘rtan” hamda “Bunyodkor” – “Buxoro” jamoalari raqobatlashadi.

***

Fransiyalik futbolchi Kilian Mbappe Madridning “Real” jamoasi safida 2025 yilda jami 37 ta o‘yinda maydonga tushdi va 33 ta gol urdi. U La Liga 2-turi doirasida “Ovedo” bilan bahsda (3:0) dubl muallifiga aylandi.

Ta’kidlash kerak, Madrid grandi La Liga doirasida navbatdagi o‘yinini 31 avgust kuni “Malorka”ga qarshi o‘tkazadi.

***

Davlatimiz rahbarining “Olimpiya shaharchasi”ga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Sport vazirligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda yoshlarni sportga jalb qilishni yanada jadallashtirish, olimpiya sport turlarini maktab davridan boshlab rivojlantirish, bu borada Toshkent shahri tajribasini yaratish va uni respublikamizning barcha hududlariga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda “Olimpiya shaharchasi”ga tashrif davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan alohida dastur qabul qilinishi va qat’iy nazorat ostida amalga oshirilishi zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, “Olimpiya shaharchasi” hududidagi inshootlardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, mamlakatimiz va xorijda o‘tkazilayotgan sport musobaqalari hamda kelgusidagi nufuzli sport tadbirlariga tayyorgarlik bo‘yicha axborotlar tinglandi.

***

Farg‘ona viloyatida joylashgan “Samo” sport majmuasida sportning karate WKF turi bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Yurtimizning turli hududlaridan kelgan 1 ming 440 nafar sportchilar g‘oliblik uchun bellashmoqda. Musobaqa jarayonlari joriy yilning 30 avgust kuniga qadar davom etadi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA