O‘zbekistonda futbol tizimi raqamlashtiriladi

125

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, quyidagilar mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilandi:

a) moddiy-texnik bazani xalqaro talablarga moslashtirish va futbol maydonlarini ko‘paytirish orqali futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini oshirish;

b) iqtidorli futbolchilarni saralab olish, ularni professional futbolchi sifatida tayyorlash tizimini to‘liq raqamlashtirish;

v) xorijiy davlatlarda professional futbol bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonlik futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish.

Qaror bilan “Milliy futbol elektron platformasi” axborot tizimi yaratiladi.

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi talablariga muvofiq stadionlardagi audio va videotasvirlarni bir nuqtaga uzatish orqali futbol uchrashuvlarida video yordamchi hakam (VAR) tizimi yanada kengaytiriladi.

Futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol seksiyalari mavjud sport maktablari o‘quv mashg‘ulotlari onlayn nazorat qilinadi, futbolchilarning tibbiy va jismoniy ko‘rsatkichlari monitoring qilib boriladi hamda shaffof seleksiya tizimi joriy qilinadi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab, futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol seksiyalari mavjud sport maktablari bosqichma-bosqich axborot tizimiga ulanadi.

2026 yil 1 martdan boshlab futbol o‘yinlariga chiptalarni xarid qilish shaxsni identifikatsiya qilish hamda matritsali shtrix-kod (QR kod) maxsus onlayn axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Milliy futbol markazida iqtidorli futbolchilarni erta aniqlash bo‘yicha Raqamli futbol situatsion markazi tashkil etiladi hamda uning faoliyatiga tajribali murabbiylardan iborat tahlilchilar jalb etiladi.

Futbol uchrashuvlarini markazlashgan tarzda video yordamchi hakam (VAR) tizimidan foydalangan holda kuzatish uchun “VAR” markazi tashkil etiladi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Legionerlar klubi” faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.

“Legionerlar klubi”ga xorijda faoliyat yuritayotgan (yuritgan) o‘zbekistonlik yuqori mahoratli professional futbolchilar va boshqa futbol mutaxassislari jalb qilinadi.

O‘zA