“City Football Group” xolding kompaniyasi bilan hamkorlik

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov boshchiligidagi mamlakatimiz sport delegatsiyasi Angliyaning Manchester shahrida “City Football Group” xolding kompaniyasi va “Manchester Siti” klubi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
“City Football Group” xolding kompaniyasi bosh operatsion direktori Rul de Frits, boshqaruv direktori Denni Uilson, futbol biznesi bo‘yicha bosh direktori Klayv Rivz va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar bilan istiqbolli loyihalarni xususan, o‘zbek futbolini yangi bosqichga olib chiqish masalasida fikrlashdi.

O‘zbekiston futbol tizimida innovatsion yondashuvlar, zamonaviy akademiya tashkil etish, klublar infratuzilmasini yaxshilash va xalqaro tajribani joriy etish kabi muhim yo‘nalishlar tahlil etildi.

O‘z navbatida, kompaniya vakillari milliy terma jamoamizning Jahon chempionatiga yo‘l olgani O‘zbekistonda futbol rivoji yuqori darajaga chiqayotganidan dalolat berishini, milliy terma jamoamiz himoyachisi Abduqodir Husanovning Angliya klubiga transferidan keyin o‘zbek futboliga qiziqish xalqaro maydonda yanada ortganini ta’kidlashdi.


Qiziqarli o‘tgan suhbat yakunida o‘zbek futbol klublaridan birini “City Football Group” tizimiga integratsiya qilish borasida ikki tomonga ham manfaat keltiradigan jihatlar borasida so‘z bordi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA