Yo siz keling, yo men boray… (+video)

113

Rossiya – Ukraina urushini to‘xtatishga qaratilgan endigi diplomatik jarayonda Volodimir Zelenskiy va Vladimir Putinning shaxsiy uchrashuvi kutilayapti. Euronews xabarida bunday uchrashuvga qaysi davlat mezbonlik qiladi, degan mavzu o‘rtaga tashlangan.

Ukraina Prezidenti urushning boshidanoq Rossiya rahbari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga intilib kelayotgan edi. Ammo Kreml har doim bunday uchrashuvdan bosh tortib keldi.

Donald Tramp Moskvaga bosimni kuchaytirganidan keyin bunday uchrashuv bo‘lish imkoniyati paydo bo‘ldi. Endi gap uchrashuv qachon bo‘lishi haqida emas, balki qayerda bo‘lishi haqida ham ketmoqda.

Ma’lumki, Xalqaro jinoiy sud tomonidan Vladimir Putinga nisbatan ukrain bolalarini noqonuniy olib ketish aybi bilan chiqarilgan hibsga olish orderi uchrashuv joyini tanlash imkoniyatlarini keskin cheklaydi. Agar u Xalqaro Jinoiy Sud ta’sis etgan Rim statutiga qo‘shilgan 125 davlatdan birining hududiga kirsa, hibsga olinish xavfi mavjud.

Shu bilan birga, ayrim davlatlar bunday uchrashuv urushni tugatishi mumkinligi uchun istisno tarzida Putinni hibsga olmaslikka tayyor ekanini bildirishgan.

Shveysariya — ehtimoliy mezbon davlatlardan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Bu mamlakatning tashqi ishlar vaziri, Xalqaro jinoiy sud tomonidan Putinga nisbatan chiqarilgan hibs orderiga qaramasdan, uni tinchlik muzokaralari va maqsadlari uchun qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Bu bayonot bilan Shveysariya an’anaviy betaraflik va tinchlik muzokaralarida vositachi sifatida ishtirok etishga tayyorligini yana bir bor namoyon etdi.

Shveysariya, har qancha neytral maqomga ega bo‘lmasin, Rim statutini imzolagan davlatlardan biri sanaladi. Bu esa mamlakatga Xalqaro jinoiy sud qarorlariga rioya qilish majburiyatini yuklaydi. Shunga qaramay, mamlakat tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis agar Vladimir Putin tinchlik maqsadida kelsa, Shveysariya uni qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron do‘stona muzokaralar uchun Jeneva shahrini potensial joy sifatida qo‘llab-quvvatlagan.

Avstriya kansleri Kristian Shtoker ham o‘z mamlakati — Vena shahriga muzokaralar o‘tkazish uchun taklif qildi. U Avstriya ham Rim statutini imzolaganini eslatar ekan, bu tashabbus tinchlikni ta’minlash, Ukraina va Yevropaning xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidlab, Putinni qabul qilishga tayyorligini bildirgan.

Bundan tashqari, Yaqin Sharq davlatlari ham ishonchli uchrashuv joyi sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Masalan, joriy yil mart oyida Saudiya Arabistoni AQSH delegatsiyasini qabul qilib, avval Ukraina, so‘ngra Rossiya rasmiylari bilan muzokaralar olib borgan edi.

Euronews muxbiri Adel Xallemning ma’lum qilishicha, Fors ko‘rfazidagi uncha katta davlat bo‘lmasada Qatar tinchlik muzokaralarida ko‘p bora vositachilik qilgan. Yaqinda bu mamlakat vositachiligida Rossiya uch nafar ukrain bolalarini oilalariga qaytarib berdi.

Shunday qilib, muzokaralar uchun qulay va qabul qilinishi mumkin bo‘lgan neytral joyni topish masalasi hali ochiq bo‘lib qolmoqda. Ammo bu masalada bir qancha davlatlar o‘z nomini olg‘a suryapti.

Euronewsning Dubaydagi muxbiri Tobi Gregorining ma’lum qilishicha, Birlashgan Arab Amirliklari ham o‘zini diplomatik vositachi sifatida namoyon etishni maqsad qilgan.

Volodimir Zelenskiy 2019 yilda Ukraina prezidenti etib saylanganidan beri Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan faqat ikki marta telefon orqali gaplashgan va Parijda bo‘lib o‘tgan “Normand formati” doirasida bir marta shaxsan uchrashgan, xolos.

Bugungi kunda ikki prezident uchrashuvi ehtimoli diplomatik sa’y-harakatlar orqali tobora yaqinlashmoqda. Ammo bunday sammit qayerda, qay sharoitda va qanday kafolatlar bilan o‘tadi — bu hali aniq emas.

Xabarlarga ko‘ra, yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan 2019 yilgi uchrashuv chog‘ida Zelenskiy va Putin shu kungacha dolzarb bo‘lib kelayotgan mavzularni muhokama qilganlar — ular orasida harbiy asirlar almashinuvi va Ukraina sharqidagi otishmalarni to‘xtatish masalalari bor edi. Lekin, bu muammolar faqat kuchayib, ko‘lami yanada kengayib ketganidan xabaringiz bor.

2021 yil bahorida, Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida qo‘shinlarini to‘plashni boshlagan paytda Zelenskiy Putinga Donbassda, ya’ni Ukraina sharqida uchrashish taklifini bildirgan edi. Ammo Putin bu taklifni rad etgan. U Rossiyaning mojaroga aloqadorligini inkor etgan va, aksincha, Zelenskiyni Moskvaga taklif qilgan. Xullas, o‘shanda ikkala prezident uchrashuvi ro‘y bermadi.

Bu voqealar nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi chuqur ishonchsizlikni, balki diplomatik muzokaralar uchun joy tanlash masalasining qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Muzokaralar o‘tkazilishi uchun, nafaqat manzil, balki tomonlarning siyosiy irodasi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

2022 yil fevralida Rossiya to‘laqonli urushni boshlaganida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yana muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi. Ammo Putin yana prezidentlik darajasidagi har qanday muloqotni rad etdi va birinchi muzokara uchun faqat past darajadagi delegatsiyani Belarus chegarasi yaqiniga yubordi.

Shundan so‘ng, Kiyev atrofidagi Bucha va boshqa aholi punktlarida Rossiya qo‘shinlari tomonidan sodir etilgan ommaviy zolimliklar fosh bo‘ldi. Ukraina hukumatining ma’lumotiga ko‘ra, faqat Buchaning o‘zida 458 nafar tinch aholi halok bo‘lgan.

Bu voqealar Kiyevning Kreml bilan muloqotdagi pozitsiyasini tubdan o‘zgartirdi va Ukraina rahbariyati so‘zdan amalga o‘tdi. Kreml bilan har qanday diplomatik aloqada qattiq shartlar qo‘ya boshladi. Muzokaralar faqat Rossiya tomonining jiddiy siyosiy o‘zgarishlari va javobgarlikka tayyorligi sharoitida muhokama etilishi mumkinligi aniq aytildi.

Donald Tramp Oq uyga kelganidan so‘ng, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH ma’muriyatining qo‘llab-quvvatlovida yana Moskva bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish g‘oyasini ilgari sura boshladi.

2025 yil may oyida Zelenskiy kutilmaganda Turkiyada Putin bilan yuzma-yuz uchrashuvga tayyor ekanini e’lon qildi. U hatto Turkiyaga bordi, biroq Putin yana kelishdan bosh tortdi va o‘rniga past darajadagi vakillarni yubordi. Buni ko‘pchilik siyosatchilar Kreml hozircha yuzma-yuz uchrashuvni xohlamayapti deya talqin qilindi.

Donald Tramp Kiyev va Moskva o‘rtasida vositachi sifatida faol harakat qilmoqda. Zelenskiy hamda Putin o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lishi shart, deb ta’kidlamoqda. Biroq, bu uchrashuv qanday shaklda o‘tishi hali noma’lumligicha qolmoqda.

Amerikalik manbalarga ko‘ra, quyidagi format muhokama qilinmoqda:

Birinchi bosqich: Zelenskiy va Putin ikki taraflama, yopiq uchrashuv o‘tkazadi.

Ikkinchi bosqich: Donald Tramp ularga qo‘shilib, uch tomonlama muloqot bo‘lib o‘tadi.

Bu usul Trampga “tinchlikparast yetakchi” sifatida pozitsiyani saqlab qolish imkonini beradi. Agarda uchrashuv samara bermagan taqdirda ham u mas’uliyatni to‘liq o‘z zimmasiga olmagan vositachi o‘laroq hech narsa “yo‘qotmaydi” .

Ayrim AQSH manbalari ma’lum qilishicha, Tramp hozircha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashmasdan, muzokara tashabbusini Zelenskiy va Putinga qoldirmoqda. U “bir qadam orqada turish” strategiyasini tanlagan, ya’ni dastlab ularning o‘zlari muzokara qilsin, keyin esa u aralashsin.

Tramp maslahatchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, u albatta Zelenskiy va Putin bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish niyatida. Ammo bu jarayon faqat ular o‘zaro uchrashgandan keyin amalga oshadi.

Ko‘pchilik siyosatchilarning fikricha, bu vaziyat AQSH, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi diplomatik vaziyatni o‘zgartiradigan ehtimoliy burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Biroq uchrashuvning o‘zi ro‘y beradimi, unga kim mezbonlik qiladi va u qanday natijalarni olib keladi – bu savollarga hozircha javob yo‘q.

Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA