“25 Jahon chempionati”ning g‘olib va sovrindorlari aniqlandi (+video)
Joriy yilning 19—20 avgust kunlari Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida sportning triatlon turi bo‘yicha harbiylar o‘rtasida “25 Jahon chempionati” bo‘lib o‘tdi.
Chempionat Xalqaro harbiy Sport Kengashi (CISM) rahbarligida Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Triatlon bo‘yicha Jahon chempionatida dunyoning 13 ta (O‘zbekiston, Belgiya, Kanada, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Sloveniya, Shveysariya, Qatar, Rossiya, Eron, Portugaliya, Qozog‘iston) mamlakatidan kelgan 120 nafar sportchi 3 ta toifada — yakkalik, jamoaviy (MIX) va yoshi kattalar (Senior) o‘rtasidagi bahslarda 5 ta medallar jamlanmasi (yakkalik va guruh bahslari) uchun kuch sinashdi.
19 avgust kuni professional (Elite) va yoshi katta (Senior) sportchilar o‘rtasida kechgan yakkalik bahslarida sportchilar ochiq suv havzasida 750 metr masofaga suzish, xalqaro talabga javob beruvchi yo‘nalishda 19 km masofaga veloyurish hamda tarixiy markazda tashkil etilgan trassalar bo‘ylab 5 km masofaga yugurishni amalga oshirishdi.
Musobaqaning ikkinchi kuni jamoaviy (MIX) bahslarida har bir davlatning 2 nafar erkak va 2 nafar ayol sportchilari estafeta tarzida ishtirok etdi. Har bir ishtirokchi ochiq suv havzasida 300 metr masofaga suzish, 6 km ga veloyurish hamda 1,6 kmga yugurishni amalga oshirib, kuchli raqobat ostida bellashishdi.
Bugun Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” turistik markazining “Boqiy shahar” majmuasida chempionatning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi va ishtirokchilar taqdirlanadi.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA