Nodirbeklar AQSH va Polsha turnirida durang o‘ynadi

AQSHning Sent-Luis shahrida davom etayotgan shaxmat bo‘yicha “Sinquefield Cup-2025” xalqaro turnirining ortda qolgan 3-turida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda Rameshbabu Praggnanadxa bilan, Polshada o‘tayotgan “61st Rubinstein Memorial-2025” turnirining 5-turida Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda chexiyalik Devid Navara bilan durangga imzo chekdi.
“61st Rubinstein Memorial-2025” turnirining 6-tur o‘yinlari ostonasida Nodirbek Yoqubboyev 3,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, peshqadamlik qilmoqda. Keyingi o‘rinlardan joy olgan polshalik Radoslav Voytashek va germaniyalik Mattias Blyubaum hisobida ham 3,5 ochko mavjud.

Bugun, 21 avgust kuni tashkil etiladigan 6-tur o‘yinida Yoqubboyev turnirda 2 ochko bilan 9-o‘rinda borayotgan polshalik Pavel Teklafga qarshi dona suradi. Hamyurtimizning ta’qibchilari Radoslav Voytashek va Mattias Blyubaum aynan ushbu turda ro‘baro‘ keladi.
Sent-Luisda kechayotgan o‘yinlarning 3-turidan keyin AQSH vakili Fabiano Karuana 2 ta durang, 1 ta g‘alaba holatida 2 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan vaziyatda, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov Rameshbabu Praggnanadxa bilan durangga erishib, yarim ochko bilan turnir jadvalining so‘nggi qatoridan joy olib turibdi.

Bugun o‘tkaziladigan 4-turda Abdusattorov oq donalarda turnirda karvonboshilik qilayotgan Karuanaga qarshi kurash olib boradi.
Aynan ushbu bahs mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSH dollaridan iborat Sent-Luis turnirida Nodirbekning keyingi turlardagi kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
AQSH va Polsha musobaqalarida O‘zbekiston shaxmat bayrog‘ini yuksaltirish yo‘lida shiddat ko‘rsatayotgan Nodirbeklarga zafar yor bo‘lishini tilaymiz.
Eslatib o‘tamiz, “Rubinstein Memorial-2025″ning so‘nggi tur o‘yini 25 avgust, “Sinquefield Cup-2025”ning oxirgi bahslari 29 avgustda bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA