Sayohat madaniyati – millat yuzi
Har doim ishdan qaytar chog‘im Mustaqillik maydoni yoki Amir Temur xiyobonida yurgan xorijlik sayyohlarni ko‘rib, havasim keladi. Ayniqsa, yelkasiga fotoapparat osib olgan keksa avlod vakillari qalbimda alohida hurmat uyg‘otadi. Ular har bir qadamda odob-axloqqa rioya qiladi. Baland ovozda baqirib yoki atrofdagilarni xijolatga qo‘ymaydi. Qolaversa, suratga tushishda ham tartib bilan, bir-birini kutgan holda harakat qiladi. Bu holat menga bir haqiqatni anglatadi: sayohatchi uchun eng muhim qoida — bu sayohat madaniyati.
Sayohat – faqat dam olish emas. U bilim olish, tajriba orttirish va yaxshi taassurot qoldirish imkoni. Biroq, afsuski, hamma ham bu madaniyatni to‘la anglayvermaydi.
Yaqinda Gruziyaga uyushtirgan safarimda bu fikrga yana bir bor amin bo‘ldim. Sayohatimizning ilk kunlaridayoq ba’zi hamyurtlarimiz tartibsizligi bilan hammani qiynab qo‘ydi. Masalan, guruh bilan harakat qilayotganda ikkita odam hamisha orqada qolib ketar yoki belgilanmagan yo‘lga burilib, barchani kuttirardi. Ular yosh bola emas, salkam oltmishga yaqin insonlar edi. Oxiri gid ham sabri tugab, ularga qattiq tanbeh berdi.
Keyingi manzilimiz Borjomida ham shunga o‘xshash holatlar takrorlandi. Ovqatdan norozi bo‘lib, oshxonada baqirib chaqirganlar bo‘ldi. Avtobusda esa nos chekuvchilar dilni xira qildi.
Batumida esa yana yangi sarguzashtlar boshlandi. Belgilangan vaqtda yig‘ilishga kelish o‘rniga, ba’zilar sayohatdan butunlay bosh tortdi. Natijada guruhning umumiy rejasi buzildi. Eng yomoni, aeroportdagi manzara bo‘ldi. Chegaradan olib o‘tmaslik kerak bo‘lgan buyumlarni sotib olgan sayohatchilar bir necha soat to‘xtatib qo‘yildi.
Bularning barchasi shunday xulosaga olib keldi: ayrim insonlar uchun sayohat – faqat o‘z manfaatini qondirish vositasi. Ular uchun borgan mamlakatning urf-odatlari, tartib-intizomi va hatto atrofdagilarning vaqti ham ahamiyatsizdek tuyuladi. Ammo bunday holatlar nafaqat shaxsiy obro‘ga, balki butun millat yuziga dog‘ tushiradi.
Sayohat madaniyati – bu avvalo tarbiya va mas’uliyat masalasi. U odamlarning ichki dunyosi, umumiy saviyasi va madaniy darajasini ko‘rsatadi. Agar biz har bir sayohatni faqat taassurot uchun emas, balki o‘zimizni to‘g‘ri namoyon qilish imkoniyati sifatida qabul qilsak, shundagina boshqalarda yaxshi fikr qoldiramiz.
Chunki sayohatchi – u faqat shaxsiy yo‘lovchi emas. U butun millatning yuzini namoyon etuvchi elchi ham.
Nigora Rahmonova, O‘zA