Belgiyada endi o‘quvchilar maktabda smartfondan foydalana olmaydi

127

Belgiya 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich va o‘rta maktablarda mobil telefon va boshqa elektron qurilmalar ishlatilishini man etadi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, taqiq mamlakatning barcha hududlariga taalluqli. Faqat tibbiy sabab yoki favqulodda vaziyat bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno.

Ushbu mamlakatning uch tilli hamjamiyatida joyiga qarab turli xil qoidalar amal qilsa-da, yangi tartib butun Belgiya bo‘ylab joriy qilinadi. Binobarin, qoida buzilganda intizomiy chorani muayyan maktab o‘zi belgilashi mumkin.

Valloniya va Bryusseldagi fransuzcha so‘zlashuvchi maktablarda 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich maktablarda telefondan foydalanish taqiqi allaqachon kuchga kirgan. Umumta’lim maktablarida ruxsat qisman cheklangan. Nizomga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yilida bog‘cha, boshlang‘ich va o‘rta maktablarda ko‘ngil ochar maqsadda telefon va boshqa elektron qurilmadan foydalanish mumkin emas.

Nemis tilida so‘zlashuvchi mintaqada 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab nafaqat dars, balki tanaffusda ham mobil telefon, aqlli soat va boshqa turdagi ulangan qurilmani ishlatish taqiqlanadi. Maxsus qoida va intizomiy chorani maktab ishlab chiqadi va belgilaydi.

Golland tilida so‘zlashadigan mintaqada bog‘cha va boshlang‘ich maktabda allaqachon amalga kiritilgan taqiq endi umumta’lim maktablariga ham taalluqli bo‘ladi. Faqat jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi: 1-2-sinfda butunlay, 3-sinfda esa faqat dars vaqti.

Belgiya maktablarida o‘qish fransuz tilida so‘zlashuvchi muassasalar uchun 25 avgust, boshqa maskanlarda esa 1 sentyabrda boshlanadi.

M.Pirmatova, O‘zA