Xalqaro dayjest

145

AQSH prezidenti Donald Tramp 18 avgust kuni Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida matbuotga noto‘g‘ri ma’lumotlar berdi. CNN harbiy yordam bo‘yicha ma’lumotni tekshirib chiqdi.

Tramp nutqi davomida AQSH Ukrainaga urush davrida 300 milliard dollardan ortiq yordam bergani haqida gapirdi. Boshqa nuqtida esa “Menimcha, bu raqam 300 milliard dollardan ancha yuqori. Balki 350 milliard bo‘lishi mumkin”, degan edi. Biroq faktlar bu da’voni rad etadi. Germaniyadagi Kiel Iqtisodiyot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil yanvar oxiridan 2025 yil iyunigacha AQSH Ukrainaga harbiy, moliyaviy va gumanitar yordam sifatida 134 milliard dollar ajratgan. Bu AQSHning ushbu davr mobaynida va’da qilgan 139 milliard dollarining deyarli hammasini tashkil qiladi.

AQSH Davlat departamenti 6 mingdan ortiq xalqaro talaba vizasini bekor qildi. Bu qonun buzilishlari va muddat tugaganidan keyin ham mamlakatda qolish holatlari ko‘paygani bilan izohlanmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi. Departament ma’lumotlariga ko‘ra, vizalarning katta qismi qonunbuzarliklar — tajovuz, mast holda mashina haydash, o‘g‘irlik hamda terrorizmga yordam kabi sabablar bilan bekor qilingan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hududiy masalalarni muhokama qilish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyorligini aytdi. Bu haqda u matbuot anjumanida ma’lum qildi. Zelenskiy tegishli bayonotni AQSH rahbari Donald Tramp va Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvdan so‘ng e’lon qildi. U Rossiya dastlab Ukraina ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv, keyinchalik esa uch tomonlama muzokara taklif etganini eslatdi.

Falastinlik guruh HAMAS, Misr va Qatar vositachilari taklif qilgan G‘azo bo‘yicha sulh hamda garovdagilarni ozod qilish rejasini qabul qildi. Bu haqda guruh manbaalariga tayanib, BBC xabar berdi. Taklifga ko‘ra, HAMAS dastlabki 60 kunlik sulh davomida garovga olingan 50 nafar isroillikning taxminan yarmini (ulardan 20 nafari tirik deb taxmin qilinadi) ikki bosqichda ozod qiladi. Shuningdek, doimiy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Kembrij lug‘atiga ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan 6000 ta yangi so‘z kiritildi. Ular orasida TikTok’da mashhur bo‘lgan o‘smirlar so‘zlari ham bor. Bu haqda The Guardian xabar berdi. Lug‘atda texnologiyalar va masofadan ishlashga oid boshqa atamalar ham kiritilgan. Biroq mashhur slenglarning ham kiritilishi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

«Internet madaniyati ingliz tilini o‘zgartirmoqda, buni kuzatish va lug‘atda qayd etish juda qiziqarli», dedi Kembrij lug‘atining leksik dastur menejeri Kolin Makintosh.

Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA