O‘q otish sporti: Osiyo chempionatining ilk kunida O‘zbekiston bayrog‘i yuksaldi

107

Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘q otish sporti bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan XVI Osiyo chempionatining ilk kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari dastlabki medalni qo‘lga kiritdi.

Chimkentdagi “Shymkent Shooting Plaza” majmuasida boshlangan qit’a chempionatining ochilish marosimida ishtirok etgan Xalqaro o‘q otish sporti federatsiyasi rahbari, Osiyo o‘q otish konfederatsiyasi prezidenti qit’ada ushbu sport turlari jadallik bilan rivoj topayotganini e’tirof etdi.

Ta’kidlanganidek, chempionatda qatnashayotgan 27 mamlakatning 756 nafar sportchisi bahslar davomida “to‘pponcha”, “harakatdagi mo‘ljal”, “stendda o‘q otish”, “trap”, “skit”, “skit-miks” kabi o‘nlab yo‘nalishlarda 700 tadan ziyod medallar jamlanmasi uchun kurash olib borishadi.

Musobaqaning kecha o‘tkazilgan birinchi kungi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Ilhombek Obidjonov yoshlar o‘rtasida 10 metrdan pnevmatik to‘pponchadan otish dasturida kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Bugun, 19 avgust kuni chempionat dasturidan o‘rin olgan pnevmatik to‘pponchadan o‘q otish yo‘nalishi bo‘yicha o‘smirlar va qizlar o‘rtasidagi musobaqalar bo‘lib o‘tadi.

Chempionat 30 avgustga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA