Janubiy Koreya – turizm, ta’lim va qarindoshlik aloqalari kesishgan nuqta

149

So‘nggi yillarda O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqish faolligi ortib borayotgani kuzatilmoqda. Bu jarayon turli omillar: iqtisodiy erkinlik, ta’lim imkoniyatlari, xalqaro hamkorlik va turizmning rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, Osiyo mintaqasidagi rivojlangan davlatlar, xususan Janubiy Koreya o‘zbekistonliklar uchun eng diqqatga sazovor yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda.

2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston fuqarolarining Koreya Respublikasiga safarlari sezilarli darajada oshgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yo‘nalish bo‘yicha 14,8 ming nafar mamlakatimiz fuqarosi turli maqsadlarda safar qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 48,7 foizga oshgan. Bunday o‘sish sur’atlari avvalo iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy omillar bilan bog‘liq.

Tahlillarga ko‘ra, Janubiy Koreyaga borayotgan O‘zbekiston fuqarolarining asosiy qismi, ya’ni 10 ming 32 nafar kishi turistik maqsadda safar qilgan. Ushbu raqamlar O‘zbekistonda xorijga sayohat qilishga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini, xususan, Janubiy Koreya O‘zbekiston fuqarolari uchun sayohatbop yo‘nalishga aylanganini ko‘rsatadi. Bunda Janubiy Koreyaning zamonaviy shaharlari, texnologik rivojlanishi, madaniy yodgorliklari, shuningdek, koreys pop madaniyati (K-pop, dorama, taomlar va boshqalar)ning ommaviylashuviga asosiy omillar sifatida qarash mumkin.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyaga borayotgan fuqarolarning 3 ming 41 nafari qarindoshlarini yo‘qlash maqsadida safar qilgan. Bu holat O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida migrantlar orqali yuzaga kelgan ijtimoiy aloqalarning kuchli ekanidan dalolat beradi. Janubiy Koreyada uzoq yillardan beri ishlayotgan yoki doimiy yashayotgan o‘zbekistonliklarning soni ortib borayotgani sababli, qarindoshlar bilan muloqot qilish, oilaviy tadbirlarda ishtirok etish yoki oddiy ko‘rishish maqsadida safar qiluvchilar ko‘paymoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2025 yilning birinchi yarmida 1 ming 557 nafar o‘zbekistonlik fuqarolar Janubiy Koreyaga o‘qish maqsadida safar qilgan. Bu Janubiy Koreyaning xalqaro ta’lim maydonidagi nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi. Janubiy Koreya universitetlarining ingliz tilidagi dasturlari, nisbatan arzonroq kontrakt to‘lovlari, zamonaviy sharoitga ega o‘quv binolari va yuqori sifatli ta’lim O‘zbekiston yoshlari uchun muhim omillar hisoblanadi. Shuningdek, Janubiy Koreya hukumati tomonidan taqdim etilayotgan grant dasturlari bu jarayonni yanada jadallashtirmoqda.

Janubiy Koreyaga xizmat yuzasidan safar qilgan fuqarolar soni 187 nafarni, tibbiy maqsadlarda esa 25 nafarni tashkil etgan. Garchi bu raqamlar umumiy ko‘rsatkichga nisbatan kam bo‘lsa-da, xizmat safarlarining oshib borayotgani biznes va diplomatik aloqalarning kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Tibbiy turizm yo‘nalishida Janubiy Koreyaning ilg‘or tibbiy texnologiyalari, zamonaviy diagnostika va davolash usullari hamda bemorlarga individual yondashuvi alohida e’tiborga loyiq. Kelajakda bu yo‘nalish ham O‘zbekiston fuqarolari orasida ommalashishi mumkin.

2025 yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston fuqarolarining Koreya Respublikasiga sayohatlari soni keskin ortishi faqatgina oddiy statistik o‘sish emas. Bu – ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalar mustahkamlanib borayotganining aniq ko‘rsatkichidir.

O‘zbekiston hukumati tomonidan fuqarolar uchun xorijga chiqish imkoniyatlari yengillashtirilishi, aviaqatnovlar sonining ko‘paytirilishi, shuningdek, viza olishdagi soddalashtirilgan tartiblar ham bu jarayonga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayni paytda, bu yo‘nalish O‘zbekistonda turizm, xorijiy til va madaniyatni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish, xalqaro ta’lim va mehnat bozorining chuqurlashib borayotganini ham anglatadi.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA