Alyaska uchrashuvidan keyingi mulohazalar (+video)
G‘arb ommaviy axborot vositalari Donald Trampning Rossiya – Ukraina urushi bilan bog‘liq qarashlari Alyaskada Rossiya rahbari bilan uchrashgandan keyin o‘zgargan, deb yozmoqda.
Euronews xabariga ko‘ra, yondashuvi o‘zgargani haqida dastlab Trampning o‘zi e’lon qildi. Ya’ni, Vladimir Putin bilan muloqotdan so‘ng u otishmani to‘xtatish emas, balki tinchlik bitimi tuzish zarurligiga urg‘u bergan. Uchrashuvdan oldin Amerika yetakchisi Alyaskaga ketayotib, birinchi navbatda otishmani to‘xtatishga umid qilgan edi. Zero, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ushbu talabi Yevropa davlatlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan edi.
Ayni dam frontdagi vaziyat Putin foydasiga ishlayapti va shuning uchun ham u otishmani to‘xtatish emas, balki o‘ziga xos shartga asoslangan tinchlik bitimini talab qilyapti. Ekspertlar esa Putin Trampni o‘z gaplariga ishontira olgan, deya taxmin qilmoqda.
– Trampning qarashi bu tarzda o‘zgarishi Kiyev va ittifoqchilar hafsalasini pir qilishi mumkin, deb yozdi VVS muxbiri Pol Adams. – Uchrashuvdan aniq natija chiqmasada, RF rahbari AQSHning yangi sanksiyasini to‘xtatib, urushni davom ettirish uchun vaqtdan yutdi.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy VVS radiosiga intervyu berib, ikki Prezident orasida qaysi mavzular ko‘tarilgani maqola, xabar va axborotlarda faqat taxmin qilinayotganini aytib, tarqatilayotgan ma’lumotlarning ishonchliligiga shubha bildirgan.
“New York Times” esa dushanba kuni Zelenskiy Vashingtonga tashrifi davomida Tramp fikri o‘zgarishini anglashga harakat qiladi, deb yozdi.
– Trampning Ukrainaga NATO ishtirokisiz AQSH+YeI hamkorligi asosida xavfsizlik kafolatini berishga tayyorligini Ukraina uchun yaxshi xabar sifatida taqdim etish mumkin, – deb yozgan “Wall Street Journal” o‘z manbalariga tayanib. – Buni Putinning Alyaskadagi uchrashuvda aytgan gaplari va Trampning “Fox News” nashriga bergan intervyusidagi qisqa izohlari tasdiqlaydi.
Avvaliga Tramp Amerika xavfsizlik uchun kafil bo‘lishiga qarshi edi. Agar Ukraina sharqidagi hududlarda AQSH kompaniyalari faoliyat yuritsa, Rossiya yana hujum qilmasligi uchun shuning o‘zi yetarli, deya Oq uyda uni ishontirishgan edi. Afsuski, Alyaska uchrashuvi arafasida Zelenskiy yana bir bor AQSHdan ishonchli xavfsizlik kafolati beriladigan bo‘lsagina, hududiy masalada kelishishga tayyorligini bildirdi va uni Yevropa ittifoqchilari ham qo‘llab-quvvatladi.
“Bloomberg” agentligi esa Putin bilan uchrashuvdan so‘ng AQSH Prezidenti Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qilib, Ukrainaga xavfsizlik kafolati berilishida ishtirok etishga tayyorligini aytgan, deb yozdi.
– Bizning pozitsiyamiz aniq: Ukraina o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligini samarali himoya qilish uchun mustahkam xavfsizlik kafolatini olishi kerak, – deyilgan Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Polsha, Finlyandiya va Yevropa kengashi hamda Yevrokomissiya rahbarlari birgalikda bergan bayonotda. – Prezident
Tramp Amerika xavfsizlik kafolati berishga tayyorligini bildirgani uchun minnatdormiz.
Shuningdek, Tramp Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan telefon suhbatida Rossiya Kiyevdan Donetsk viloyati to‘liq topshirilishini kutayotgani haqida ma’lumot bergan. Putin buning evaziga Zaporoje va Xerson viloyatlariga nisbatan shunga o‘xshash talabdan voz kechib, front chizig‘ida urushni muzlatishga tayyorligini aytgan.
Boshqa bir nashr ya’ni “Financial Times” esa Rossiya bundan tashqari Ukraina YeI va NATOga qabul qilinmasligi bilan bog‘liq talabdan hamon voz kechmagan, deya yozgan.
Zelenskiy esa o‘tgan hafta Donetsk viloyati topshirilishini rad etib, Ukraina Donbasdan chiqmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, hududlarga doir masalani mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq muhokama qilishga tayyorligini ta’kidladi. “New York Times” yozishicha Tramp Yevropa yetakchilariga agar Zelenskiy Putin so‘rayotganidek, Donetsk viloyatining qolgan qismini ham topshirsa, tinchlik bitimi tezroq amalga oshishi mumkinligini aytgan.
VVS hamkori sanaladigan boshqa bir nashr yozishicha, Putin Alyaskada qo‘ygan talablardan yana biri Ukrainada rus tilini rasmiy maqomga ega qilishdir. Buning evaziga u Xarkov va Sumi viloyatlari hududidan askarlarni olib chiqib ketishni taklif qilgan. Bu hududlar Donetskning qolgan 30 foiz bo‘lagiga qaraganda anchagina kichik va strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan hududlar hisoblanadi.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA