Mamlakatimizda ilk bor tabiiy gazni tozalash uchun adsorberlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi

94

Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda birinchi marta tabiiy gazni tozalashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan adsorber qurilmalari mahalliy ishlab chiqarilmoqda. Ushbu loyiha “O‘zbekkimyomash” zavodida amalga oshirilib, ilk mahsulot Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yetkazib berildi.

Loyiha mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, u ichki talabni qondirish bilan birga eksport salohiyatini ham oshirishga xizmat qiladi.

Adsorber tabiiy gaz tarkibidagi oltingugurt birikmalarini tozalashda ishlatiladigan ulkan kolonna hisoblanadi. Uning diametri 3 metr, devor qalinligi 100 mm, uzunligi 19 metr bo‘lib, 63 atmosfera bosimiga bardosh beradi. Qurilmaning og‘irligi 147 tonnani tashkil etadi va u yuqori sifatli po‘latdan tayyorlanmoqda.

Adsorbsiya jarayoni uch bosqichda, ya’ni gazni tozalash, tozalovchi moddalarni qayta tiklash va qurilmani keyingi siklga tayyorlash amalga oshiriladi. Mahalliy ishlab chiqarilgan adsorberlar samaradorligi va xizmat muddati yuqori bo‘lib, yana 8 ta qurilma Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Avval adsorberlar xorijdan olib kelinardi. Endilikda ularning O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi tannarxni ikki barobarga arzonlashtirdi. Shu bilan birga, “O‘zbekkimyomash” zavodida 1200 nafardan ortiq mutaxassislar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.

Zavod yiliga 20 taga yaqin adsorber ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu ichki talabni to‘liq qondirish va eksportni kengaytirish orqali mamlakatning texnologik mustaqilligi hamda raqobatbardoshligini oshirishda muhim qadam hisoblanadi.

N. Ziyodullayeva, O‘zA