Tibbiyot turizmi: O‘zbekistonga keluvchilar soni ko‘paydi
2025 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga kelgan xorijliklar soni qariyb 5,3 million nafarni tashkil qildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, davolanish uchun kelganlar soni 48,5 ming nafardan oshib, tibbiyot turizmi sektorida sezilarli o‘sish kuzatildi.
Bu o‘sish O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi zamonaviy imkoniyatlar va sifatli tibbiy xizmatlarning kengaygani natijasidir.
Darhaqiqat, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimi doimiy ravishda takomillashtirilmoqda, xalqaro standartlarga mos tibbiyot muassasalari soni ko‘paymoqda. Bularning barchasi tibbiyot turizmi sohasida O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilayotir.
Davolanish maqsadida tashrif buyuruvchilarning oshib borishi mamlakat iqtisodiyotidagi muhim yo‘nalishlardan biri – tibbiyot turizmi bozorining kengayishidan darak beradi.
Shu bilan birga, mamlakatga keluvchi xorijliklar orasida qarindoshlarini yo‘qlash maqsadida tashrif buyuruvchilar eng katta ulushga ega bo‘lib, 3,6 million nafarni tashkil etadi. Sayohat va xizmat yuzasidan keluvchilar soni ham mos ravishda 783,7 ming va 594 ming nafar atrofida.
O‘zbekiston tibbiyot turizmidagi o‘sish tendensiyalari nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki kengroq mintaqada ham mamlakatimizning ijobiy imijini shakllantirmoqda. Xalqaro miqyosda sog‘liqni saqlash xizmatlari sohasidagi salohiyatimizni ko‘rsatmoqda.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA