Pokistonlik mashhur bloger O‘zbekistonning gastronomik salohiyati haqida ko‘rsatuv tayyorlayapti

202

O‘zbekiston turizm salohiyati, gastronomiyasi va mamlakatimizning boy madaniy merosini Janubiy Osiyo mamlakatlari, xususan Pokistonda targ‘ib etish maqsadida, mashhur “BaBa Food RRC” YouTube kanali asoschisi Ramish Rizvan Chaudxari boshchiligidagi ijodiy guruh mamlakatimizga tashrif buyurdi.

– Men butun dunyo bo‘ylab turli mamlakatlarning madaniyati, oshxonasi va boshqa xususiyatlarini o‘rganishga juda qiziqaman, – deydi Ramish Rizvan Chaudxari. – Shundan so‘ng tassurotlarimni keng va rang-barang auditoriya bilan baham ko‘raman. Mana, O‘zbekistonni ham o‘zim uchun kashf qildim va bu unutilmas sayohatdan juda masrurman. Kelgan kunimdanoq o‘zbek xalqining samimiyligi, mehmondo‘stligidan hayratga tushdim. Umuman, butun safarim davomida o‘zimni uyimdagidek his qildim.

Masalan, osh festivalida turli yurtlardan kelgan rassom, ijodkor va oddiy tomoshabinlarni birlashtirgan O‘zbekiston madaniyati, musiqasi an’analariga xos ajoyib bayramga guvoh bo‘ldik. Anjuman mehmonlari milliy taomlar, ayniqsa o‘zbek palovi bilan bog‘liq milliy meros, qadriyat qanchalik ulug‘lanishidan lol qoldilar.

Samarqand va Toshkentning har birida o‘ziga xos joziba, tarix va madaniyat mujassamlashgan go‘zal obidalar kishini ertaknamo sayohatga chorlaydi. Registondan boshlanib, murakkab masjid va madrasalargacha davom etadigan hayratlanarli me’morchilik namunalari ko‘p asrlik meros va san’atdan so‘zlaydi. Sayohatchi bloger sifatida O‘zbekistonda an’ana va zamonaviy hayot qanchalar go‘zal uyg‘unlashganidan hayratlandim.

Poytaxtning Chorsu bozorida yana bir diqqatga sazovor manzil bor ekan. Mazasi takrorlanmas non-patirlar, mazali taomlar hamda o‘zbek choy madaniyatining o‘ziga xos ta’mini his qildim. Ayniqsa, odamlarning samimiyligi manzur. Bozor, ko‘cha va sayyohlik manzillarida o‘zbek xalqi har qanday mehmonni tabassum, qiziqish va mehr bilan kutib oldi. O‘zbekiston shunchaki manzil emas, aloqa, hurmat va insoniylik o‘lkasi.

Ma’lumki, Pokistonda milliy gastronomiya va sayohatga oid kontent yaratishga ixtisoslashgan “BaBa Food RRC” kanalining ijtimoiy tarmoqdagi kuzatuvchilari soni 8 milliondan oshadi. Jumladan, “YouTube”da 5 million, “TikTok”da 2,1 million, “Facebook”da 979 000, “Instagram”da 169 000 dan ziyod obunachiga ega, keng ommani qamrab olgan mashhur “food-blogger” (taom-bloger) hisoblanadi.

Mazkur ijodiy guruh diyorimizga safari davomida 1-3 avgust kunlari “Samarqand oshi” festivalida ham ishtirok etdi.

Umuman, bu anjuman milliy taomlarimizning boy an’anasini namoyish qilib, O‘zbekistonning gastronomik salohiyatini dunyoga ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyat yaratdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA