Tramp va Putin uchrashuvi xalqaro maydonda qanday aks-sado bermoqda?

104

2-qism

Kiyevning qat’iy pozitsiyasi – ittifoqchilarga tayanish

Alyaskaga taklif etilmagan Ukraina vazmin, ammo qat’iy pozitsiya egallagan. Rasmiy Kiyev uchrashuvdan so‘ng shoshilinch izoh berishdan tiyildi va o‘z tamoyilini eslatish bilan cheklandi. Muzokara arafasida Prezident Vladimir Zelenskiy sammit “adolatli tinchlik”ka yo‘l ochishi kerakligini aytib, Rossiya urushni to‘xtatish uchun zarur qadamlar qo‘yishi lozimligini ta’kidlagandi:

 Urushni tugatish vaqti keldi va Rossiya zarur qadamlarni qo‘yishi kerak. Biz Amerikaga umid bog‘laymiz.

Shu tariqa Ukraina ittifoqchilar, birinchi navbatda AQSHdan Moskvaga nisbatan qat’iy pozitsiya egallash, taslim bo‘lish emas, balki adolatli shart asosida tinchlikka intilishni kutayotganini aniq bildirdi.

Ankorijda sulh bo‘yicha kelishilmagani Kiyevda kutilganidek qabul qilindi. Ukraina rahbariyati hududiy yon berish yoki mojaroni “muzlatish”ga borilmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Zelenskiy “bosqinchi foydasiga biror hududdan rasman voz kechish variantini ochiqchasiga rad etdi va Ukraina uchun ishonchli xavfsizlik kafolati talab qildi. Uchrashuv kuni Prezident video aloqa orqali so‘zlagan nutqida yana bir bor Rossiya qo‘shinini to‘liq olib chiqib ketishni talab qilib, Ukrainaning hududiy yaxlitligini tiklashga chaqirdi.

Sammitning dastlabki natijalaridan so‘ng Zelenskiydan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayonot eshitilmagan bo‘lsa-da, uning maslahatchilari va hukumat vakillari oldinga siljish yo‘qligidan ko‘ngillari chog‘ emasligini yashirmadi. Jumladan, ukrainalik amaldorlardan biri muzokarani “muvaffaqiyatsizlik” deb atadi va Putin aniq majburiyatsiz qutulib ketganini ta’kidlab, faqat “erishilgan o‘zaro anglash” haqida mujmal fikr yuritganini aytdi. Prezident idorasi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak avvalroq Ukrainasiz o‘tkaziladigan muzokara barqaror tinchlikka olib kelmasligidan ogohlantirib, “Ukrainasiz Ukraina taqdirini kelishib bo‘lmaydi” degandi.

Kiyev, shuningdek, diplomatik harakatlardan qat’i nazar, kurashni davom ettirishini ma’lum қилди. Zelenskiy aytishicha, sammitdan oldin va anjuman davomida Rossiya Ukraina hududiga zarba berishni davom ettirdi.

– Agar Putin chindan ham tinchlik istaganida, kun bo‘yi Ukraina shaharlarini bombardimon qilmagan bo‘lardi, – dedi Kiyev tomoni Moskvaning so‘zi va ishi o‘rtasidagi farqni izohlab.

Shunday qilib, Ukraina Alyaskadagi uchrashuv natijasini avvalgi nuqtai nazari tasdig‘i sifatida ko‘rayotganini bildirdi: “Tinchlikka faqat Rossiya qo‘shini olib chiqilgandan keyingina erishiladi, har qanday yarim chora esa bosqinchiga keyingi urush uchun nafas rostlash imkonini beradi, xolos”.

Moskva va hamkorlar: “Konstruktivlik” va taraqqiyotga urg‘u

Rossiya rahbariyati kutilganidek sammit natijasini ijobiy tarzda taqdim etdi. Vladimir Putin Tramp bilan muzokarani “konstruktiv va foydali” deb atab, Ukrainadagi vaziyat e’tibor markazida bo‘lganini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, rahbarlar “muayyan o‘zaro anglashuv”ga келgaн.

– Umid qilishni xohlardimki, jarayon Ukraina zaminida tinchlik o‘rnatilishini yaqinlashtiradi, degan RF yetakchisi.

Ertasi kuni Moskvada o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Putin ukrainlar va ruslarni doim birodar xalqlar, deb bilganini ta’kidlab, yuz berayotgan voqealarni Rossiya uchun “fojia va katta dard” deb atadi. Shu bilan birga u Moskvaning ko‘p yillik nuqtai nazarini yana bir bor takrorladi: “Mojaroning asl sabablari”ni bartaraf etmasdan va Rossiyaning xavfsizlik manfaati, jumladan “Yevropadagi kuchlarning adolatli muvozanati”ni hisobga olmasdan barqaror tinchlikka erishib bo‘lmaydi. Aslida, Putin NATO kengayishini to‘xtatish va Ukrainaning betaraf maqomi haqidagi talabidan voz kechmasligi, tinchlikni ayni shart qondirilishi bilan bog‘layotganini ma’lum qildi.

Putin Trampga muhokamaning, o‘z ta’biri bilan aytganda, “ochiq va ishonchli” xususiyati uchun minnatdorlik bildirdi. Hozirgi Amerika ma’muriyati ziddiyat mohiyatini tushunib, mojaroni hal qilishda yordam berishga “astoydil intilayotgani, jumladan qarama-qarshilikning asosiy sababini o‘rganishga tayyorligi”ni ham ko‘rib turganini aytib o‘tdi. Putin Trampni “o‘z maqsadini aniq ko‘ra oladigan” va shu bilan birga “Rossiyaning qonuniy manfaatiga” hurmat ko‘rsatadigan yetakchi sifatida ta’rifladi. Uning baholashicha, Alyaskada erishilgan kelishuvlar (garchi, tafsiloti oshkor etilmagan bo‘lsa-da) nafaqat Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish, balki Moskva va Vashington o‘rtasidagi pragmatik, o‘zaro manfaatli munosabatni tiklash uchun ham asos bo‘lishi mumkin.

Shunisi e’tiborga loyiqki, Putin Kiyev va Yevropaga nisbatan ogohlantiruv xususiyatiga ega so‘zlarni ishlatdi. Xususan, Ukraina tomoni va Yevropa davlatlari muloqot natijasiga “konstruktiv yondashishi va to‘siqlar yaratmasligi”ga umid bildirdi: “Umid qilamizki, Kiyev va Yevropa poytaxtlari bularning barini tegishli tarzda qabul qiladi va ko‘zlangan taraqqiyotni ig‘volar yoki parda ortidagi fitnalar bilan izdan chiqarishga urinmaydi”.

RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham shu ruhda gapirdi, uchinchi tomonlarning muloqotni “barbod qilish”ga qaratilgan har qanday urinish mas’uliyatsizlik bo‘lishini bildirdi. Bu shama’ Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarida ham aks etdi.

TASS agentligi xabar berishicha, Oq uy uchrashuvni “tarixiy” deb ta’riflagan. Trampning o‘zi esa sammitdan keyingi intervyusida voqeani “10 imkoniyatdan 10 ball” deya baholab, Putin bilan muloqot juda samarali kechganiga urg‘u bergan.

Xullas, Moskvaning rasmiy bayonotlarida uchrashuv tinchlik yo‘lidagi muvaffaqiyatli qadam sifatida taqdim etilmoqda. Kreml fikricha, “Endi to‘p Ukraina va G‘arb tomonida – ularga “ko‘zlangan taraqqiyot”ga xalaqit bermaslik” tavsiya etilmoqda.

Abduaziz Xidirov, O‘zA sharhlovchisi