Tramp va Putin uchrashuvi xalqaro maydonda qanday aks-sado berdi?

1-qism
15 avgust kuni Alyaskaning Ankorij shahridagi Elmendorf-Richardson harbiy aviabazasida AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida Ukrainadagi urushni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi. Qariyb uch soat davom etgan uchrashuvni tomonlar “samarali” deya baholagan. Afsuskt, yakunda tinchlik kelishuvi yoki biror aniq bitim e’lon qilingani yo‘q. Shunga qaramay, keng ko‘lamli mojaro boshlangandan buyon birinchi marta shunday yuzma-yuz muloqot o‘tkazilganining o‘zi muhim voqealikdir. Tahlilchilar 2022 yil boshlangan harbiy amaliyotdan so‘ng xalqaro miqyosda ixotalangan Putin uchun bu o‘ziga xos diplomatik g‘alaba sifatida AQSH bilan muloqotga qaytish imkoni ekanini ta’kidlamoqda. Ayni payt dunyoning turli burchaklaridan biroz vazmin, shu bilan birga e’tiborga loyiq rasmiy sharhlar berilmoqda.
G‘arb matbuoti sammit haqida nima yozmoqda?
NYT: Kelishuv yo‘q, ammo Rossiya uchun salbiy oqibat ham ko‘rinmayapti. Putin va Tramp do‘stona munosabat namoyish etishsa-da, Ukraina masalasida kelishuvga erishmay, uchrashuvni yakunladilar.
The Washington Post: Iliq so‘zlar, qizil gilam bor, ammo aniq natija yo‘q.
Bild: Sammitdan so‘ng faqat sirli ishora: “Keyingi safar Moskvada”.
Le Monde: Donald Tramp Vladimir Putinni o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘ndira olmadi.
Corriere della Sera: Tramp va Putin uch soat gaplashdi, biroq Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga erishilmadi. Podsho esa Yevropani ogohlantirdi: Yo‘limizga g‘ov bo‘lmang!
Politico: Putinning Alyaskadagi g‘alabasi…
Reuters: Muzokara Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sezilarli natijaga olib kelmagan bo‘lsa-da, AQSH Prezidenti bilan yuzma-yuz uchrashuvni Putinning g‘alabasi sifatida baholash mumkin.
Yevropa rahbarlarining hafsalasi pir, ular birdamlikka chaqirmoqda
Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari sammitdan ko‘ngli to‘lmaganini bildirib, Moskvaga nisbatan bosim saqlab qolinishi zarurligini ta’kidlamoqda. Masalan, Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde Putin urushning “asosiy sababi” haqidagi avvalgi fikri – noqonuniy bosqinni oqlashga qaratilgan safsatani yana bir bor takrorlaganini aytdi: Bizning nuqtai nazarimiz aniq – Rossiyaga bosimni davom ettirish va hatto, kuchaytirish. O‘z harakatlari uchun haq to‘lashi kerakligini unga aniq ko‘rsatish muhim. Ukrainaning fikriga quloq solish, AQSH bilan Yevropa o‘rtasida bo‘linish yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim, Kreml aynan shuni xohlayapti.
Norvegiyalik mulozim ittifoqchilar bo‘linishning oldini olish ehtimoliga ehtiyotkorona ishonch bildirib, Moskvaning qarashida hech qanday o‘zgarish yo‘qligi va shu bois uchrashuv jang maydonidagi vaziyatga ta’sir etmaganini qayd etdi.
Chexiya mudofaa vaziri Yana Chernoxova ijtimoiy tarmoqda yozishicha, urushni tugatish borasida jiddiy ilgarilash kuzatilmadi, aksincha Putinning tinchlik izlashga ishtiyoqsizligi yaqqol ko‘rindi. Uning fikricha, “Rossiya rahbari aholi orasidagi qurbonlarga e’tibor bermay, o‘z bosqinchilik maqsadini to‘liq amalga oshirish uchun G‘arb birligini zaiflashtirish va mojaroni cho‘zishga intilmoqda. Ta’kidlanishicha, uchrashuv hech bo‘lmaganda, Putinning haqiqiy niyati va kayfiyatini namoyon etgani bilan ahamiyatli. – Biz uchun xulosa shunday: G‘arb birdamligini saqlab qolish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish lozim, – deya yakunlagan so‘zini Yana xonim. – Toki, vaqtincha amal qiladigan hech qanday jangni to‘xtatish yoki tinchlik Rossiya sharti asosida o‘rnatilmasin.
Yevropadagi ba’zi siyosatchilar Putinni ochiqchasiga sammitdan foydalanishga urinishda aybladi. Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy aytishicha, Putin nutqida Rossiya davlat televideniyesi orqali tanish ohang – mojaroning ildizi haqidagi targ‘ibot takror yangradi.
– Muammo Rossiya imperializmida, Ukrainaning erkin yashashga intilishida emas, – deya ta’kidladi Lipavskiy.
Shu bilan birga u Trampning urushni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatini ma’qullab, uning Yevropa yetakchilari bilan doimiy muloqotda bo‘lishi hamda muzokara natijasidan Ukrainani xabardor qilishiga umid bildirdi.
Buyuk Britaniya ham Ukraina kelajagi bo‘yicha o‘zi ishtirok etmagan holda qabul qilingan har qanday kelishuv maqbul emasligini ma’lum qildi. Bosh vazir Kir Starmer sammit arafasida “Ukrainasiz Ukraina haqida muzokara bo‘lishi mumkin emas” deya ta’kidlab, Londonning qat’iy pozitsiyasini eslatib o‘tdi. U G‘arb mamlakatlari “ixtiyoriy koalitsiya” tuzgani, bu guruh zarur paytda vaziyatni barqarorlashtirish uchun kuchlarni yo‘naltirish yoki sanksiyani kuchaytirish, ya’ni “Rossiya tajovuzini to‘xtatmaguncha” bosim o‘tkazishni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi.
Darvoqe, ko‘hna qit’aning bir necha poytaxtidan ijobiy fikrlar ham yangradi. Masalan, an’anaviy ravishda o‘ziga xos pozitsiyada turuvchi Vengriya muzokara o‘tkazilishini voqelik sifatida olqishladi.
Ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto “AQSH va Rossiya o‘rtasida oliy darajadagi muloqot davom etarkan, dunyo xavfsizroq bo‘ladi”, deya ishonch bildirdi. U Ukrainadagi mojaro “jang maydonida emas, balki faqat muzokara davrasida yakunlanishi” ta’kidlab, sammitni tashkil etgani uchun ikkala Prezidentga ham tahsin o‘qidi. “Тинчликка faqat ochiq diplomatiya vositalarini saqlab qolgan holda, muloqot yordamida erishish mumkin”ligiga urg‘u bergan. Va “aksincha “urushga moyil” ritorikani afzal ko‘radigan ayrim yevropalik siyosatchilar”ni bilvosita tanqid qildi.
Abduaziz Xidirov, O‘zA sharhlovchisi