Rossiya – Ukraina masalasida kelishuvga erishilmadi (+video)

15 avgust kuni Alyaskada AQSH va Rossiya Prezidentlarining yuzma-yuz uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Donald Tramp va Vladimir Putin Ankorijdagi harbiy-havo kuchlari bazasida muzokara o‘tkazdi. Har ikki tomon muloqot konstruktiv va samarali o‘tdi, degan. Afsuski, DW xabarida Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha aniq kelishuvga erishilmaganiga urg‘u berilgan.
Tramp va Putinning uchrashuvi 3 soat davom etdi. So‘ngra Prezidentlar qo‘shma matbuot anjumanida ishtirok etdi. Putin, AQSHni “avvalo, yaqin qo‘shni” deb atadi, shu bilan birga so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabat “sovuq urushdan keyingi eng past darajaga tushib qolgani”ni ham ta’kidladi. Uning fikricha, AQSH-Rossiya munosabati muammosi Ukraina urushi bilan bog‘liq.
Trampning chiqishi qisqa bo‘ldi: u 4 daqiqadan kamroqqa mo‘ljallangan nutq so‘zladi. AQSH yetakchisi muzokara jarayonida “sezilarli taraqqiyotga erishilgani”, shuningdek urushni tinch yo‘l bilan hal etish ehtimoli borligini tan olsa-da, muzokarada aniq kelishuvga erishilmaganini qo‘shimcha qildi.
Tramp va Putin matbuot anjumanida kelajakda yana birga uchrashishga umid bildirdi. Rossiya Prezidenti Moskvada uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi, Tramp matbuot anjumanidan keyin “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida uchrashuv yaxshi o‘tganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqotdan so‘ng Kreml rahbari bilan alohida va “juda samimiy” gaplashgan. Urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishish endi Ukraina Prezidentiga bog‘liqligini ta’kidlagan. Shuningdek, Zelenskiyga Putin bilan kelishishni maslahat bergan va Rossiyaga qarshi yangi sanksiya joriy etishni yaqin 2-3 hafta davomida o‘ylamaslikka va’da bergan.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA