Putinning Alyaskaga tashrifi 5 soatcha davom etdi

74

Bugun tun bo‘yi butun dunyo ommaviy axborot vositalari e’tibori AQSHning Alyaska shtatida o‘tgan Prezident Donald Tramp va Rossiya Federatsiyasi yetakchisi Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvga qaratildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, uzoq kutilgan ushbu muloqot oxirgi yillardagi eng yirik harbiy mojaroni to‘xtatish maqsadida tashkil etildi. Ikki qudratli davlat rahbarlari suhbatidan so‘ng uyushtirilgan qo‘shma matbuot anjumanida Tramp va Putin bir-biriga nisbatan iliq so‘zlar bilan almashgan bo‘lsa-da, uchrashuv natijasida aniq bir xulosaga kelingani haqida biror bayonot bermadilar.

Prezidentlar delegatsiyalarning qisqa tarkibi ishtirokida qariyb uch soat gaplashgani ma’lum.

Amerika Qo‘shma Shtatlari va RF rahbarlari Ankorijda, aniqrog‘i  ushbu mo‘’jaz shaharcha aerodromida ko‘rishdi. Ular, deyarli, bir vaqtda uchib kelgan samolyotlaridan bir-birlariga peshvoz chiqib, juda ko‘p hamkasblarimiz alohida e’tibor berganidek, ikki marta o‘zaro iliq qo‘l siqishgan.

Yetakchilar avvaliga jurnalistlarning savollariga javob berishdan tiyilishgan.

Darvoqe, ushbu tarixiy voqea oldidan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy aytgan bir gap ko‘pchilikning e’tiborini tortdi: Biz Amerikaning kuchli pozitsiyasidan umidvormiz. Hammasi shunga bog‘liq — rossiyaliklar Amerika kuchini his etishadi, deb o‘ylaymiz. Ha, aynan kuch-qudratni!                                                                                                                                                                                                                                               Kreml fikricha, “Tramp bilan suhbat “juda ko‘tarinki” ruhda kechgan. RF Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov aynan shu mazmunda bayonot berib, muloqotning ijobiy natijasini har ikki yetakchi e’tirof etganiga alohida urg‘u bergan.

Uning so‘zlaridan “Interfaks” iqtibos keltirishicha, “Bu aynan vaziyatni barqarorlashtirish yo‘llarini topish uchun bundan keyin ham birgalikda qadam tashlash imkonini yaratadigan uchrashuv” bo‘lgan.

OAV vakillarining matbuot anjumanida Prezidentlar nima uchun savollarga javob bermagani bilan bog‘liq tushunarsiz holatni Peskov “muayyan bayonotlar berildi” deya mavhum izohladi.

Tabiiyki, o‘quvchilar uchun Trampning xulosasi ham qiziq. VVS bu haqda shunday yozgan: Juda ko‘p masalalarni kelishib oldik, ayrim arzimas jihatlargina qoldi. Umuman, hozircha yakuniy natijaga erisha olmagan bo‘lsak-da, bizda kelishuv uchun juda yaxshi imkoniyat bor.

G‘.Xonnazarov, O‘zA