PutiTramp ndan keyin yanada “muhimroq” uchrashuv o‘tkazmoqchi (+video)

AQSH Prezidenti Donald Tramp rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan bo‘lajak uchrashuvga katta umid bog‘layotganini ta’kidladi. Shu bilan birga u Alyaskada bo‘lib o‘tadigan va yanada muhim, deb baholanayotgan sammit haqida ham gapirib, keyingi tadbirda Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy va ehtimol, Yevropa Ittifoqining ayrim yetakchilari ham ishtirok etishini ma’lum qildi.
Putin bilan muzokara arafasida Tramp jurnalistlarga bergan bayonotida shunday degan:
– Yaxshi uchrashuv bo‘ladi, deb o‘ylayman. Binobarin, yanada muhimroq voqea sammitdan so‘ng yuz beradi. Biz tinchlik masalasida jiddiy muloqot olib boramiz. Ikkinchi uchrashuv samarali kechishi uchun, avvalo, Putin bilan dastlabki muzokara ijobiy natija berishi lozim.
Tramp keyingi sammit ham Alyaskada bo‘lib o‘tishi mumkinligini ta’kidlagan:
– Men bu uchrashuvni sammitdan so‘ng iloji boricha tezroq o‘tkazishni xohlayman. Alyaskada qolish va shu yerda muloqot qilish oson va maqbul.
Uchinchi shaxslar – Zelenskiy va Yevropaning yetakchi davlatlari mas’ullari ham muzokaraga jalb etilishi ehtimoliga to‘xtalarkan, Tramp ko‘hna qit’adan ham rahbarlar taklif etilishi mumkinligini ma’lum qildi. Jurnalistlarning “Putin bilan uchrashuvni mukofot sifatida qabul qilish mumkinmi?” mazmunidagi savoliga Tramp qat’iy rad javobini berdi:
– Prezident Putin tinchlikka erishishni xohlayapti. Men bo‘lmaganimda, u butun Ukrainani egallab olgan bo‘lardi. Prezident ekanman, RF rahbari men bilan hisoblashishiga to‘g‘ri keladi.
Tramp saylov oldi kampaniyasi davomida bir necha bor Ukrainadagi urushni bir kunda to‘xtatishga qodirligini ta’kidlagan.
AQSH yetakchisi Zelenskiy bilan uchrashish niyatini bildirgan bir payt, Ukraina Prezidenti ham sammitning asosiy maqsadi sifatida “o‘t ochishni to‘xtatish”ni ko‘rsatmoqda.
Germaniya Kansleri Fridrix Mers bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Zelenskiy shunday dedi:
– Bugun o‘t ochishni to‘xtatish haqida gaplashdik. Prezident Tramp ham ayni masala Putin bilan suhbatda ustuvor yo‘nalish bo‘lishini bildirdi. Umid qilamanki, tinchlikka erishiladi.
Shuningdek, Yevropa yetakchilari ham Tramp va Putin o‘rtasidagi muloqotni to‘g‘ri diplomatik yo‘nalishda ushlab turishga urinayotganini ma’lum qilarkan, jumladan Mers shunday dedi:
– Bizning vazifamiz – Alyaskadagi uchrashuvni xalqaro tinchlikka xizmat qiluvchi maydonga aylantirish.
Bu maydondagi muloqot tinchlikka qanchalik xizmat qilishi bugun ma’lum bo‘ladi.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA