Maqsad – bog‘dorchilik va uzumchilik sohasini rivojlantirish (+video)
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 31 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqilib, yerdan unumli foydalanish, samaradorlikni oshirish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Ushbu vazifalarning joylarda bajarilishi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Taxiatosh tumaniga press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari tumandagi “Keneges” ovul fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklarida bo‘lishdi.
Ta’kidlash joizki, Taxiatosh tumanida jami 55 ta sub’ektda 218 gektar mevali bog‘ va 10 gektardan ziyod tokzor mavjud. Ommaviy axborot vositalari vakillari “To‘rayev Sultonmurod biy” fermer xo‘jaligida bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishishdi. Ushbu fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 227 gektardan iborat, asosan, paxta, g‘alla yetishtirish yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Bu yil g‘alladan 70-80 sentnerdan hosil olib, yaxshi natijaga erishdi. Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi tomonidan 7 gektar yerda mevali bog‘ barpo etilib, 1 gektar yerga ekilgan uzumdan yaxshi hosil olinmoqda.
Fermer xo‘jaligi rahbari S.To‘rayevning ta’kidlashicha, uzum ko‘chatlari Farg‘ona viloyatidan olib kelinib, ekilgan. Mahalliy ko‘chatlar ham ko‘p. Har yili yaxshi hosil beryapti. Mahsulotlar asosan ichki bozorga sotilmoqda. Yigirma nafarga yaqin mavsumiy ishchi bog‘larni parvarishlamoqda.
Keyingi manzil ushbu ovul fuqarolar yig‘inidagi “Avezniyazov Qurbonboy” fermer xo‘jaligining dalalari bo‘ldi. Bog‘dorchilikka ixtisoslashgan mazkur fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 10,5 gektar bo‘lib, mevali bog‘ yaratilgan. Unda asosan olma, shaftoli, nok va o‘rik ko‘chatlari ekilgan, 2 ta asosiy va 8 ta mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Meva daraxtlarining qator orasi ham bo‘sh qoldirilmay, mosh, kunjut ekilgan.
Ushbu hududdagi “Jaloyir” fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 135 gektar bo‘lib, u ham asosan paxta, g‘alla yo‘nalishida faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, 8,5 gektar mevali bog‘ yaratilgan, unga asosan shaftoli va olma ekilgan.
– Orolbo‘yi tumanlaridagi barcha toifadagi xo‘jaliklarda jami 7,4 ming gektar (shundan, fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 4 ming 337 gektar, aholi tomorqalarida 3 ming 41 gektar) mevali bog‘ va 1,5 ming gektar uzumzor (shundan, fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 690, aholi tomorqalarida 830 gektar) mavjud.
Shundan bugungi kunda 5,2 ming gektar bog‘ va 1,1 ming gektar uzumzor hosil berib kelmoqda. Ushbu maydonlardan 2025 yilda jami 76 ming tonna meva va 15 ming tonna uzum yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilda 33,5 ming tonna meva va 4,1 ming tonna uzum yetishtirildi, – deydi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Xoldor Ochilov.
Joriy yilda 800 gektar mevali bog‘ va tokzor barpo etish belgilab olingan. Shundan fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan bahor mavsumida 469 gektar maydonda mevali bog‘ va 108 gektar tokzor barpo etildi. Bundan tashqari, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishidagi fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash doirasida 2025 yilning shu kuniga qadar 2 ta qishloq xo‘jaligi korxonasiga 96,4 million so‘m ajratildi.
Ushbu tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad, Orolbo‘yida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xususan, bog‘dorchilik va uzumchilik sohasini rivojlantirish, ilg‘or fermer xo‘jaliklari tajribasini joriy etish, shu orqali meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish hisoblanadi.
Pess-turda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA