Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

“Nukus-Chimboy-Taxtako‘pir” avtomobil yo‘lining Qorao‘zak tumani hududidan o‘tuvchi qismini asfaltlash ishlari izchil olib borilmoqda.
Ushbu ta’mirlash jarayonida 7 ta maxsus yo‘l qurilish texnikasi va 16 nafar malakali ishchi-xodim safarbar etilgan. Mazkur ishlar mamlakatimizda yo‘l-transport infratuzilmasini yangilash, aholi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik va savdo aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

***
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuratura organlari tomonidan “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi doirasida aholini ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish, bandligini ta’minlash umuman, xalqning roziligiga erishish borasida ishlar tizimli amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, Shumanay tuman prokurori M. Matchanovga biriktirilgan “Navro‘z” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadonlar ahlining to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari ta’minlandi. Ularning oilaviy sharoiti o‘rganilib, moddiy ko‘mak berildi. Hududdagi uchta xonadonning ijtimoiy muammmolari ijobiy hal etildi. Ikki nafar xonadon a’zosiga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishiga ko‘maklashildi.

***
Taxtako‘pir tumani A.Adilov ovuli fuqarolar yig‘ini hududida “Kausar tegirmon” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 878 ming AQSH dollari miqdorida “Junni qayta ishlash” korxonasi o‘z ishini boshladi.
Prezidentimizning topshirig‘iga asosan, imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, ishga tushirilgan korxonada zamonaviy texnologiyalar yordamida jun xomashyosi yuvilib, saralanib va presslanib, ichki va tashqi bozorga yetkazib beriladi.
Loyiha doirasida 15 nafar mahalliy fuqaro doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.