Xalqaro dayjest (+video)
Afg‘onistonning Panjshir viloyati aholisi “Tolibon” ayollarga qo‘yilgan cheklovlarni kuchaytirganini, xususan, burqa kiyish majburiy etib belgilanganini ma’lum qildi. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, hududda burqa kiyilmagan taqdirda, ayollarning erkin yurishiga yo‘l qo‘yilmayapti va ularning yonidagi odamlar ham haqorat va zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda.
Ozarbayjon vakili 12 avgust kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan MDH ichki ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishiga bormadi. Bu haqda APA agentligi xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, ichki ishlar vaziri Viloyat Eyvazov tadbirda ishtirok etishdan bosh tortgan. Buning sababiga aniqlik kiritilmagan. Yig‘ilish Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev raisligida bo‘lib o‘tgan.
Janubiy Koreyaning qamoqda saqlanayotgan sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi 12 avgust kuni aksiyalar narxini sun’iy oshirish va pora olish kabi bir qator ayblovlar bilan hibsga olindi. Bu haqda BBC xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, Seul sudida 4 soat davom etgan tinglovda sobiq birinchi xonim barcha ayblovlarni rad etgan. Biroq sud unga nisbatan dalillarni yo‘q qilish xavfi mavjudligini bildirgan holda qamoqqa olish orderini chiqargan.
Shveysariyaning Lozanna shahrida haydovchi belgilangan tezlikdan 27 kilometr soat tezroq harakatlangani uchun 90 ming Shveysariya franki miqdorida (taxminan 110 ming dollar) jarimaga tortildi. Bu haqda Associated Press xabar berdi. Bildirilishicha, ushbu summa haydovchiga uncha qiyinchilik tug‘dirmaydi — u mamlakatning eng boy odamlardan biri sanaladi. Hozirgi tartibga ko‘ra, mamlakatda daromadi past odamlar jarima o‘rniga bir kecha hibsda qolishi mumkin, eng boy qatlam esa o‘n minglab frank to‘lashga majbur bo‘ladi. Boshqacha aytganda, jarima miqdori haydovchining daromadi, mol-mulki va oilaviy moliyaviy ahvolidan kelib chiqib belgilanadi. Bunday tizim Germaniya, Fransiya, Avstriya va ayrim Skandinaviya davlatlarida ham amal qiladi.
X ijtimoiy tarmog‘i 11 avgust kuni o‘zining sun’iy intellekt chatboti Grok’ni qisqa muddatga o‘chirib qo‘ydi. Bunga Isroilning G‘azodagi harakatlari “genotsid” deb baholangani sabab bo‘ldi.
Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA