Qizg‘in va halollik ruhida o‘tgan mini futbol uchrashuvlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mini futbol bo‘yicha “Boshqarma boshlig‘i kubogi” musobaqasining g‘oliblari aniqlandi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ijtimoiy himoya tizimida faoliyat olib borayotgan 300 nafarga yaqin xodim, boshqarmaga qarashli tashkilot vakillari hamda yoshlar ishtirok etishdi.
O‘zaro kechgan o‘yinlarda 26 ta jamoa kuch sinashdi. Hal qiluvchi bahslar Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabida bo‘lib o‘tdi. Tomoshabinlar qizg‘in kurash va halollik ruhida o‘tgan uchrashuvlardan katta zavq olishdi. Final bahsida Chimboy “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan erkaklar internat uyi jamoasi barcha raqiblarini ortda qoldirib, munosib ravishda Kubok sohibiga aylandi.
Tantanali taqdirlash marosimida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i S.Daniyorov barcha ishtirokchilarni samimiy qutlab, kelgusi musobaqalarda ham ularga zafarlar tiladi.
Do‘stlik va sport bayramiga aylangan musobaqa g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA