Kamchiliklar qayd etilib, vazifalar belgilandi

129

Nukusda “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari hamda kelgusidagi vazifalar” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov olib borib, ushbu toifadagi jinoyat ishlari yuzasidan surishtiruv, tergov organlari hamda sudyalar tomonidan qaror qabul qilishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, ularning oldini olish choralari va sud amaliyotini birxillashtirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ushbu seminar 2023 yil 11 aprelda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Qonun asosida yuzaga kelgan huquqiy o‘zgarishlar amaliyotda qanday tatbiq etilayotganini tahlil qilishga bag‘ishlandi.

Ayni shu Qonun bilan Jinoyat kodeksiga 126-1-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) hamda 141-3-modda (sha’n va qadr-qimmatni kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatish), Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga esa 59-2-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) va 41-1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish) kiritilgan.  Shuningdek, Qonunning ijrosini ta’minlash va huquqni bir xilda qo‘llashni ta’minlash maqsadida Oliy sud Plenumi tomonidan 2023 yil 20 aprel kuni qaror qabul qilingan bo‘lib, u sudlar uchun amaliy yo‘riqnoma vazifasini o‘taydi. Ushbu qaror sud amaliyotida yangi huquqiy normalarning aniq va adolatli tatbiq etilishini ta’minlashga xizmat qilishga qaratilgan.

Ammo qonun qabul qilinganiga ikki yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, hanuzgacha surishtiruv, tergov organlari va sudlar tomonidan bir qator jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelinmoqda. Seminarda ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar belgilandi.

Tadbirda ishtirok etgan sudyalar, prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari, Ijtimoiy himoya agentligi va bolalar huquqlari bo‘yicha mintaqaviy vakillar tomonidan qonun ijrosi, profilaktik ishlar, jabrlanganlarga ko‘mak ko‘rsatish, jinoyat ishlarini samarali tergov qilish hamda sud amaliyotida bir xil yondashuvlarni ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri