Darya Latisheva XII Butunjahon sport o‘yinlarining kumush medal sohibasi!

Shu kunlarda Xitoyning Chendu shahrida Butunjahon sport o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda.
Dunyoning 112 ta davlatidan 4 ming nafarga yaqin sportchi qatnashayotgan XII Butunjahon sport o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari kikboksing, muaytay, ushu va sambo yo‘nalishlarida qatnashmoqda.
Ortda qolgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, mamlakatimiz sportchilaridan Darya Latisheva ushu bahslarida muvaffaqiyatli qatnashib, Butunjahon sport o‘yinlarining kumush medalini qo‘lga kiritdi.

Mahoratli sportchimiz saralash bellashuvlarida Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini, jahon chempionatida katta tajriba to‘plagan mahoratli sportchilarni mag‘lub etib, mamlakatimiz sport tarixiga yangi muvaffaqiyat zarvarag‘ini bitdi. Darya Latisheva sharafiga XII Butunjahon sport o‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘i yuksaldi.
Bugun, 12 avgust kuni o‘yinlar dasturidan o‘rin olgan 7 ta sport turida musobaqalar tashkil etilmoqda.
Biz uchun e’tiborli jihati, kun davomidagi bahslarda O‘zbekiston kikboksing terma jamoasi a’zolari saralash bellashuvlarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazmoqda.
Kunning birinchi yarimida tashkil etilgan saralash bellashuvlarida kikboksingchilarimizdan Asilbek Sodiqov 63 kilogrammda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U yarim final ostonasida shveysariyalik Emmanuel Kardenasni mag‘lub etib, sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda.
Ertaga, yarim finalda Asilbek Sodiqov ozarbayjonlik Amin Guliyev bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, bugun kun davomida kikboksingchilarimizdan Husanxon Baratov, Sergey Kosolapov, Masrurbek Mirzayev, Dilrabo Kosolapova, Malika Choriyeva va Davlatbek Rayimjonov o‘z yo‘nalishidagi saralash janglarida ringga ko‘tariladi.
Aytish lozim, Butunjahon sport o‘yinlarining ortda qolgan beshinchi kungi musobaqalari holatida Xitoy sport delegatsiyasi 14 ta oltin, 4 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan peshqadamlik qilayotgan vaziyatda O‘zbekiston sportchilari 1 ta kumush medal bilan 112 ta davlat orasida 45-o‘rinda bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 17 avgustga qadar davom etadigan o‘yinlarda mamlakatimizning 19 nafar sportchisi qatnashmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA