Xalqaro dayjest
Rossiya parlamentiga migrant bolalar uchun maktablarda o‘qishni pullik qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi. Deputatlar “Rossiyada ta’lim to‘g‘risida”gi federal qonunning 78-moddasiga o‘zgartirish kiritishni taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, chet elliklar maktabgacha, boshlang‘ich, o‘rta umumiy hamda o‘rta maxsus ta’limni pullik asosda oladi.
Eronda 11 nafar erini o‘ldirganlikda ayblanayotgan Kolshum Akbariyga qarshi sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi. Jinoyatlar 2001 yildan 2023 yilgacha sodir etilgan. Akbariyning 20 dan ortiq turmush o‘rtog‘i bo‘lgan, ularning aksariyati vafot etgan. Tergovchilar fikricha, ayol erlarini o‘ldirib, har safar ularning merosiga ega chiqqan. Akbariy dastlabki qotilliklaridan birida erini texnik spirt bilan zaharlagan, so‘ngra yostiq bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Shundan keyin u marhumning katta yer maydonini meros sifatida qo‘lga kiritgan.
AQSHning Montana shtatida 11 avgust kuni ikkita samolyot to‘qnashganidan keyin yonib ketdi. Bu haqda Associated Press xabar berdi. Hodisa Kalispel siti aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagida yuz bergan. Bortida uchuvchi va 3 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan samolyot to‘xtab turgan uchoqqa borib urilgan. Aviatexnikalar jiddiy shikastlanmaganiga qaramay, yong‘in chiqqan. Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar alangani o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
Turkiyaning Balikesir viloyatida 10 avgust kuni 6,1 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. Yer silkinishi oqibatida qulab tushgan bino egasi va quruvchisi qo‘lga olindi. Ayblanuvchilar 11 avgust kuni ehtimoliy beparvolik bo‘yicha tergov doirasida ushlangan. Zilzila sababli Sindirg‘i shahridagi 3 qavatli uy qulab, 81 yoshli erkak vafot etgan. Provinsiya bo‘ylab jami 29 kishi jarohatlangan.
Ozarbayjon va Armaniston Tashqi ishlar vazirliklari 8 avgust kuni imzolangan tinchlik deklaratsiya matnini e’lon qildi. Endilikda hujjatni ikki davlat yetakchisi Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan ratifikatsiya qilishi lozim. Ikkala siyosatchi ham Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashuvda deklaratsiyani imzolagan. O‘shanda ular shartnomani ratifikatsiya qilish niyatini bildirgandi
Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov migrantlarga kurerlik faoliyati bilan shug‘ullanishni taqiqladi. Siyosatchi tegishli qarorni imzoladi. Ma’lum qilinishicha, qaror Rossiya fuqarolarini ishga jalb qilishga qaratilgan. Ta’kidlanishicha, bu chora yetkazib berish bozoriga ta’sir ko‘rsatmaydi. Sababi sohadagi migrantlar ulushi yuqori emas. Ish beruvchilarga “kadrlar siyosatini moslashtirishlari” uchun uch oylik muhlat berilgan.
Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA