AQSH savdo urushida XXRga yon berdi(mi?)

80

Kecha Donald Tramp Xitoy bilan tarif bo‘yicha sulhni yana 90 kunga cho‘zdi. Bu qaror ikki mamlakat o‘rtasida so‘nggi oylarda kuchaygan savdo keskinligini yumshatish va kelgusi uch oyda yanada keng qamrovli muzokara o‘tkazish imkonini yaratadi. Yangi muddat sifatida 10 noyabr belgilandi.

— XXRga tarifni to‘xtatish bo‘yicha ijro farmoyishini imzoladim va shu tariqa muddat 90 kunga uzaydi, — deb yozgan Amerika yetakchisi ijtimoiy tarmoq orqali. — Bitimning boshqa barcha bandlari kuchida qoladi.

Xitoy ham AQSH tovarlariga qo‘yilgan tarif vaqtincha to‘xtatilishini e’lon qildi.

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, kelgusi uch oy davomida olib boriladigan muzokara adolatsiz savdo amaliyotini bartaraf etish, ushbu okean orti mamlakati mahsulotlarining Chin bozoriga kirish yo‘lini kengaytirish, ikki tomonlama savdo nomutanosibligini kamaytirish va milliy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratiladi.

Oxirgi uch oy AQSH va Xitoy rasmiylari Stokgolm, Jeneva va Londonda uch marta uchrashdi. Muloqotlar davomida xom ashyo eksportiga qo‘yilgan cheklovni yumshatish, Pekinga gaz sotish jarayonidagi to‘siqlarni olib tashlash mavzulari ham ko‘tarildi. Umumiy sa’y-harakatlar samarasi may oyida tomonlar bojni vaqtincha kamaytirishga kelishgani, AQSHga Xitoydan kirib boradigan mahsulotlarga tarif 145 dan 30 foizga, AQSH tovarlariga qo‘yilgan boj esa 125 dan 10 foizga  tushirilganida yaqqol namoyon bo‘ldi.

Navbatdagi kelishuv ayniqsa XXRdan yirik hajmda mahsulot olib keladigan sohalar, jumladan o‘yinchoq va kiyim-kechak sanoati uchun muhim. Muddat 90 kun uzaytirilishi esa biznesga kamida “Rojdestvo” savdo mavsumigacha barqarorlikni ta’minlash imkonini beradi.

Musulmon Ziyo, O‘zA