O‘zbekistonda pensiya tayinlash: Yangi va qulay tartib
Bugungi kunda pensiya tizimi bo‘yicha fuqarolar orasida turli savollar tez-tez uchrab turibdi.
Aksariyat hollarda rasmiy hujjatlardagi murakkab atamalar va hisob-kitoblar odamlarga tushunarsiz bo‘lib qolmoqda, natijada noto‘g‘ri talqinlar va tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Shu sababli, biz Pensiya jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan, pensiya hisob-kitoblari va unga oid tartiblarni fuqarolarga yanada tushunarli va sodda tilda tushuntirishni maqsad qildik.
O‘zbekistonda pensiya tayinlashning tartiblari soddalashtirildi
Bir vaqtlar pensiya tayinlash uchun fuqarolar tomonidan murojaat qilishning alohida tartibi bor edi. Bugun kunda esa pensiya tayinlash uchun endi murojaat kerak emas! Ya’ni O‘zbekistonda pensiya tizimi bosqichma-bosqich raqamlashtirilayotgani tufayli, yoshga doir va nogironlik pensiyalari avtomatik ravishda tayinlanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, endilikda pensiya olish uchun davlat idoralariga yugurib yurish, hujjat yig‘ish kerak bo‘lmay qoldi. Barchasi — elektron ma’lumotlar orqali inson omilisiz amalga oshiriladi.
Bu ma’lumotlar qayerdan olinadi?
• Elektron hukumat platformasi — shaxsga doir ma’lumotlar;
• Yagona milliy mehnat tizimi — ish staji;
• FHDYO — oilaviy holat;
• Oliy ta’lim vazirligi — o‘qish davri;
• Xalq banki — 2005–2015 yillar ish haqi;
• Soliq qo‘mitasi — 2016 yildan keyingi ish haqi.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi esa faqat murojaat asosida beriladi. Bunda Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali ariza topshiriladi.
E’tibor bering!
Kelajakda pensiya muammosiz tayinlanishi uchun:
• Ishlamayotgan fuqarolar Bandlikka ko‘maklashish markaziga murojaat qilib, mehnat daftarchasini raqamlashtirib olishlari kerak.
• Ishlayotganlar esa ish beruvchisidan mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlarni raqamlashtirishni talab qilishlari lozim.
• my.gov.uz orqali ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirib borish mumkin.
Pensiya qayta hisoblanishi mumkin
Quyidagi hollarda pensiya miqdori qayta ko‘rib chiqiladi:
• Yangi ish staji yoki ish haqi haqida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilsa;
• Nogironlik guruhi o‘zgarsa;
• 1 yildan ortiq ishlasa;
• Boquvchisi yo‘qotganlik pensiyasida oila a’zolari soni o‘zgarsa;
• Prezident qarori asosida pensiyalar oshirilsa.
Eslatma: Agar fuqaro 3 oy ichida qo‘shimcha hujjat topshirsa, pensiya qayta hisoblanadi va avvalgi oylar uchun ham pensiya farqi to‘lab beriladi.
Pensiya pullari qayerdan keladi?
Pensiyalar, asosan, korxona va tashkilotlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliqlar hisobiga to‘lanadi.
• Davlat tashkilotlari uchun — 25%,
• Xususiy sektor uchun — 12%
• Yakka tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar ham belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘laydilar.
Qolaversa, davlat byudjeti orqali ham Pensiya jamg‘armasiga mablag‘lar ajratiladi.
Joriy yil iyulida 4,2 mln pensionerga pensiya to‘langan. Bir oylik umumiy summa — 6,7 trln so‘m.
Pensiya qanday to‘lanadi?
• Pensiyani naqd yoki bank kartasi orqali olish mumkin.
• 85% fuqarolar bank orqali, 15% naqd oladi.
• Pensiyalarni sayyor kassalar orqali uyingizgacha yetkazib berish imkoniyati ham bor. Bu xizmat bepul.
Bank kartasiga o‘tkazilganda:
• Pensiya har oyning 5-sanasigacha kartangizga tushadi;
• Har oy 1% qo‘shimcha bonus to‘lanadi;
• Arizani bank mobil ilovasi orqali bersa bo‘ladi.
Qanday holatlarda pensiya to‘xtatiladi?
• Fuqaro vafot etsa,
• Xorijga doimiy yashashga ketsa,
• Jazo muassasasiga joylashtirilsa,
• Nogironlik muddati tugasa,
• Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi bola 18 (yoki 23) yoshga yetsa,
pensiya to‘xtatiladi.
Pensiyadan chegirmalar bo‘lishi mumkinmi?
• Faqat sud qarorlari asosida va Majburiy ijro byurosi orqali;
• Pensiyadan olinadigan summa bir oylik pensiyaning 50%dan ortiq bo‘lmasligi kerak;
• Pensionerga sms orqali xabar beriladi.
Pensiya tizimi yangilanmoqda va oddiy fuqarolar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayapti. Bu tizim orqali siz davlat idoralariga bormasdan, qator hujjatlar bilan ovora bo‘lmasdan pensiya olishingiz mumkin. Faqat bir narsa: mehnat faoliyatingiz haqidagi ma’lumotlarni elektronlashtirishni unutmang!
M.Eshmirzayeva, O‘zA