Nodirbek Abdusattorov AQSHda kuchlilar bilan kuch sinashmoqda
AQSHning Saint-Luis shahrida boshlangan “Saint Louis Rapid & Blitz 2025” xalqaro turnirida dunyoning eng kuchli grossmeysterlari qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham dona surmoqda.
Kecha mukofot jamg‘armasi 175 ming AQSH dollaridan iborat nufuzli musobaqaning rapid yo‘nalishidagi 3 ta tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

O‘tkazilgan 1-tur o‘yinida Abdusattorov qora donalarda AQSH vakili Uesli So bilan durangga erishgan bo‘lsa, 2-turda yana bir amerikalik Fabiano Karuanaga imkoniyatni boy berdi.
3-turda Levon Aronyanga qarshi harakatlangan Nodirbek g‘alabali pozitsiyaga chiqib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo, bahsning so‘nggi qismlaridagi qo‘pol xato hamyurtimizning mag‘lubiyatga uchrashiga olib kelgan bo‘lsa, Aronyanga turnirda peshqadamlikka erishishini ta’minladi.

Bugun, 12 avgust kuni xalqaro turnirning ikkinchi kunida Nodirbek Abdusattorov 4 va 5-tur o‘yinlarini o‘tkazadi. 4-turda u oq donalarda asli rossiyalik, hozirda AQSH sharafini himoya qilayotgan Grigoriy Oparin bilan ro‘baro‘ keladi. 5-turda Abdusattorov qora donalarda blits bo‘yicha jahon chempioni, qit’a chempionati g‘olibi vetnamlik Lem Le qarshiligini yengishga harakat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 17 avgustga qadar davom etadigan turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 40 ming AQSH dollari bilan taqdirlansa, qolgan 9 ta o‘rindan joy olganlar belgilangan tartibda mukofot pullariga ega chiqadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA