Zarar undirildi

106

Fuqaro Z.S. cpirtli ichimlik ichgan mast holatda “Nexia 3” rusumli avtotransport vositasini boshqarib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanining “To‘lqin” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Mang‘it-Qipchoq” yo‘lida o‘ziga qarama-qarshi harakatlanib kelayotgan “Damas” rusumli avtomashina bilan to‘qnashib ketadi.

Yuz bergan avtohalokat natijasida jabrlanuvchi S.S va Q. A.larning mulki va sog‘lig‘iga jami 99,4 million so‘m moddiy zarar yetkazgan. Ushbu zararlarni undirish haqida jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tomonidan 2024 yil 14 oktyabrda hal qiluv qarori qabul qilingan.

Majburiy ijro byurosi Amudaryo tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatiga kirishilgan.

Xususan, qarzdorning chetga chiqish huquqi cheklanib, uning nomidagi ko‘chmas mulkka taqiq o‘rnatilgan. Shuningdek, qarzdor ikkita firmada ishlayotganligi aniqlanib, undiruv uning ish haqiga qaratildi. Shuning natijasida, yetkazilgan 99,4 million so‘mga yaqin jinoiy zarar to‘lig‘i bilan undirilib, sud qarori ijrosi ta’minlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri