“Ayollar daftari” yangi ijtimoiy qonunchilikka asos bo‘ldi.
Nukusda “Besh yillik sarhisob: Iqtisodiy mustaqillikdan ijtimoiy faollik sari” mavzusida Milliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari dastlab tadbirkor ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini kengaytirish va oilalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan milliy tajriba – O‘zbekiston modeli yaratildi.
Oxirgi 7 yil davomida mamlakatimizda barcha xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash Milliy dasturi amaliyotga joriy etildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida ishlab chiqilgan davlat dasturida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash belgilab berilganligi muhim ahamiyatga ega. Shulardan eng asosiysi – yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha joriy etilgan “Ayollar daftari” tizimi boshqa hech bir mamlakatda uchramaydigan noyob mexanizm bo‘lib, bu orqali yurtimiz xotin-qizlarini qiynab kelayotgan muammolar hal etilishiga erishilmoqda. Natijada jamiyatimizda muhim o‘rin tutuvchi opa-singillarimizning turmush farovonligi oshirilib, hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga zamin yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Bugungi farovon hayotimiz ham, yorug‘ kelajagimiz ham ayollarga bog‘liq. Agar xalqimiz bizdan rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo, mo‘’tabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlari yaratishimiz kerak. Ona rozi bo‘lsa, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa, jamiyat rozi bo‘ladi”.
Shu bois, Ayollarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, imkoniyati cheklangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar individual dastur asosida ishlash bo‘yicha 17 ta shahar va tumanda davlat byudjeti tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
“Ayollar daftari” — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash hamda bilim va kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.
Bugun inson qadrini ulug‘lash, ayniqsa, xotin-qizlarni hayotdan rozi qilish muammolarini manzilli, ijobiy hal etish, samarali va joyida hal etish borasida noyob tajriba — “Ayollar daftari” tizimi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada qabul qilingan bir qator farmon va qarorlarga muvofiq “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi izchil takomillashtirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 5 ta bosqich davomida 193 ming 126 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilib, ularni ijtimoiy-iqtisodiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun jami 291 milliard 775 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Xatlov natijalari asosida “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida jami 58 ming 13 nafar ehtiyojmand xotin-qiz “Ayollar daftari”ning 6-bosqichiga kiritilib, joriy yilning 6 oyi yakuni bilan 35 ming 899 nafari (61,9 foizi) ga amaliy yordam berildi. Shu bilan birga, “Ayollar daftari”ga kiritilgan barcha xotin-qizlarga bir qator qo‘shimcha yordam ko‘rsatildi.
“Ayollar daftari” tizimi yildan-yilga takomillashib, shu kunga qadar qo‘mitaning “xotin-qizlar.uz” platformasi orqali “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi to‘liq raqamlashtirildi.
Foydali dasturlar yaratish yo‘nalishida qo‘mita tomonidan har bir hudud kesimida xotin-qizlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish, ularni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha huquqiy yordam, so‘rovnomalar o‘tkazish hamda kunlik monitoring aniqlash bazasiga ega bo‘lgan “ayollar-bandligi.uz” elektron platformasi yaratildi. Tizimni to‘liq raqamlashtirishga erishish orqali kiritilgan ma’lumotlarni nazorat qilish va baholash, ochiq va shaffof hisobot olishga erishish imkoniyati yaratiladi.
Bu tizim orqali ming-minglab yolg‘iz onalar o‘z manfaatlarini himoya qilishni o‘rgandi va mehnat bozoriga qaytish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ayollar daftari — ayolni uyma uy topib, qo‘llab, hayotga yetaklagan tizimdir. Eng muhimi — bu tizim shunchaki bir maromda davom etmadi, balki yangi ijtimoiy qonunchilikka asos bo‘ldi.
Tadbir yakunida bir guruh faol xotin-qizlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA