Nukusda kichik hajmli bolalar uyi ish boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrda qabul qilingan “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirish shakllari bo‘yicha ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan Nukus shahrida zamonaviy va qulay sharoitlarga ega kichik hajmli bolalar uyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oila muhitida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlar natijasida 2024–2025 yillar davomida Taxiatosh tumanidagi bolalar uyida tarbiyalanayotgan 39 nafar boladan 29 nafari ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari bag‘riga qaytarildi. Bu jarayonda manzilli ishlash, oilalar bilan psixologik va moddiy ko‘mak ko‘rsatish muhim o‘rin tutdi.
Qolgan 10 nafar bola esa oilaviy muhitga yaqin sharoit yaratilgan, har bir bolaning shaxsiy rivojlanishi va tarbiyasi uchun qulay imkoniyatlarga ega bo‘lgan Kichik hajmli bolalar uyiga joylashtirildi. Bu yerda bolalar nafaqat ta’lim va tarbiya oladi, balki turli to‘garaklar, sport mashg‘ulotlari va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etishadi.
Mazkur tashabbus mamlakatimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hayotini yaxshilash, ularning ijtimoiy moslashuvini ta’minlash hamda har bir bolaning baxtli kelajagini yaratish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi kelgusida ham bolalarni oila muhitiga qaytarish va ular uchun munosib shart-sharoit yaratish ishlarini izchil davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA