Yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli o‘tmoqda (+video)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida yetti yo‘nalishda 70 ta to‘garak tashkil etilgan.
“Kompyuter dizayni va grafikasi”, “Robototexnika”, “Yosh dasturchi”, “Kompyuter muhandisi”, “Bichish-tikish”, “Kashtachilik”, “Munchoqli bezak”, “Yosh qandolatchi va oshpaz”, ingliz va rus tillari kabi to‘garaklarda 1 ming 540 nafar o‘quvchi bilim va mahorat oshirmoqda.
Bundan tashqari umumta’lim maktabi bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalarga tayyorlash maqsadida matematika, fizika, ximiya kabi fanlar bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etilgan.
Maktabning iqtidorli tarbiyalanuvchilari mamlakat hamda xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlov, ijodiy festival va musobaqalarda faol qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Ayni yozgi ta’til kunlarida maktab o‘g‘il-qizlar bilan yanada gavjum. Bu yerda “Yoz-2025” konsepsiyasi va “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida qator madaniy tadbirlar, turli ko‘rik tanlov va viktorinalar o‘tkazilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat, video), O‘zA