Yangi korxonaning eksport imkoniyatlari

92

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mas’ullari bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarilayotgan korxonada bo‘lib, tovarlarning eksporti va reeksportini tashkil etish, eksport geografiyasini yanada oshirishda bojxona qonunchiligida yaratilgan sharoitlar bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borishdi.

Qoraqalpoq zaminida mustaqillik bayrami oldidan bunyod bo‘lgan yirik investitsion loyihalardan biri hududdagi “Qaratau” tog‘ tizmalaridan qazib olinadigan bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarayotgan “Karakalpak Basalt wool” mas’uliyati cheklangan jamiyatidir. Umumiy qiymati 64 million AQSH dollariga teng bo‘lgan  mazkur xorijiy investitsiya loyihasining amalga oshirilishi uchun “Nukus” erkin iqtisodiy zonasidan 5 gektar yer maydoni ajratilgan.

O‘ziga xos noyob bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish korxonasi 200 nafardan ortiq mahalliy aholini doimiy ish o‘rni bilan ta’minladi. Xususan, faoliyatida “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan foydalanib, Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlaridan olib kirilgan 464 ming AQSH dollari qiymatidagi 728 tonna “koks” mahsuloti uchun bojxona to‘lovlarini to‘lamasdan, ularni qayta ishlash natijasida hosil bo‘lgan tovarni Ozarbayjon va boshqa davlatlarga reeksport qilish arafasida turibdi.

Bojxona mas’ullari tomonidan ayni jarayonlarda rejim afzalliklari va talablari amaliy misollarda yana bir bor tushuntirilib, kelgusi faoliyatida yaratilgan sharoitlardan keng foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Tovarlar eksportida esa “Eksport uch qadamda” tizimidan samarali foydalanib, vaqt va ortiqcha xarajatlar tejalishiga erishilmoqda.

Ta’kidlash joizki, “Karakalpak Basalt wool” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2024 yil va 2025 yilning o‘tgan davrida Turkiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va Litva davlatlaridan texnologik uskunalar olib kelingan.

Mazkur uskunalarga bojxona to‘lovlaridan 18 milliard 636 million so‘m miqdorida imtiyoz qo‘llanilgan.

Yetuk g‘oyalar asosida tadbirkorlik bilan o‘ylangan bu kabi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi aholi faravonligi yo‘lida xizmat qilib, davlatimiz eksport ko‘rsatkichlarning ortishiga zamin yaratadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri