Chegara bojxona postlarida ham targ‘ibot ishlari olib borilmoqda

Bojxona organlari tomonidan post orqali harakatlanayotgan fuqarolar bilan korrupsiya illatining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
“Xo‘jayli” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda fuqarolarga ushbu illatning kelib chiqishi, salbiy oqibatlari va uning oldini olishning samarali usullari bo‘yicha tushunchalar berildi. Shuningdek, har bir fuqaro jamiyatda korrupsiyaning oldini olishga mas’ul ekanligi, huquqiy savodxonligi yuqori bo‘lgan insonlarda ushbu illatga moyillik kam bo‘lishi ta’kidlanib, fuqarolarning huquqiy madaniyatni oshirish maqsadida bojxona chegaralari orqali harakatlanganda rioya etilishi shart bo‘lgan qonunchilik talablari to‘liq tushuntirildi.

Uchrashuv davomida bojxona chegaralaridan o‘tishda qonunchilikka qat’iy rioya etish kerakligi va hech qachon bojxona xodimiga “pora” taklif etmasligi eslatib o‘tildi. Bojxona xodimining moddiy manfaatdorlik holatiga duch kelsa, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining 11-08 qisqa va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining (61) 224-90-86 ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi so‘raldi.
Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarish jarayonida ta’magirlik, poraxo‘rlik, xizmat va mansab vakolati doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlar hamda boshqa qonun buzilishi holatlari sodir etilishining oldini olish bo‘yicha shaxsiy tarkib o‘rtasida 2024 yil davomida 106 marotaba, 2025 yil boshidan esa 67 marotaba umumiy profilaktik yig‘ilish o‘tkazildi. 18 marotaba xufiyona tekshiruv va 12 ta xizmat tekshiruvi natijasida 10 nafar bojxona xodimiga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Darhaqiqat, butun jamiyat vakillari birlashib, o‘zaro qat’iy nazorat o‘rnatilsagina ushbu illatni yengish mumkin bo‘ladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri