Yaponiya kurashchilari O‘zbekistonda

92

Shu kunlarda Chirchiqdagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida kurash bo‘yicha Yaponiya terma jamoasi hamda mamlakatimiz vakillari ishtirokida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari bo‘lib o‘tmoqda.

Xalqaro kurash instituti, Yaponiya kurash federatsiyasi va tegishli tashkilotlar hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inining ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi sport vazirining o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, Jismoniy tarbiya va sport universiteti prorektori Shukurjon Gaziyev, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Rizo Nassiri va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar barcha jabhalarda keng rivoj topayotganini e’tirof etishdi.

Kurash va dzyudo kabi sport turlari sport sohasidagi hamkorlik rishtalarini mustahkamlayotganini, bu ikki qadimiy yakka kurash turlarida nafaqat jismoniy kuch, balki axloq, hurmat va intizom muhim o‘rin tutishi, mazkur xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Kurash bo‘yicha Yaponiya va O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari ishtirokidagi nazariy va amaliy mashg‘ulotlar 14 avgustga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA