Abay tavalludining 180 yilligi keng nishonlanmoqda
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning qo‘shni Qozog‘iston davlati bilan o‘zaro do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilib, ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, adabiy aloqalar sezilarli darajada mustahkamlanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 martdagi “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi bilan hamkorlikda shoir tavalludiga 180 yil to‘lishi munosabati bilan bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar o‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, adabiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbir Toshkent shahridagi qozoq shoiri Abay Qo‘nonboyev haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi.
Kunning birinchi yarmida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Abay – qozoq va o‘zbek xalqlarining sevimli shoiri” deb nomlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi adabiy aloqalar yangicha rivojlanish bosqichiga chiqqanini e’tirof etdi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev adabiy aloqalar rivojiga alohida e’tibor qaratmoqda, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildli muhtasham majmuaning nashr etilgani nainki mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilmoqda. Abay Qo‘nonboyevning umuminsoniy qadriyatlar va mehr-oqibat tuyg‘ulari yuksak pardalarda tarannum etilgan badiiy yetuk asarlari ma’rifat targ‘ibotida alohida ahamiyat kasb etadi.
– Jahonda asarlari ezgulik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan yozuvchi va shoirlar, mutafakkirlar ko‘p, – dedi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev. – Ayni paytda jaholatga qarshi ma’rifat targ‘ibotida Abay ijodi o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonning qo‘shni Qozog‘iston bilan o‘zaro do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilayotgan bugungi kunda bu ulug‘ ijodkorning o‘lmas merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ma’no va ahamiyat kasb etadi. Mazkur yubiley sanasi o‘zbek xalqining Abay siymosida qardosh qozoq xalqiga, uning boy tarixi va madaniyati, urf-odat va qadriyatlariga hurmat-ehtiromining yorqin namunasidir.
Anjumanda Abay ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgani, xalqimiz bu ijodkorning insonparvarlik va ezgulik g‘oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan asarlarini sevib mutolaa qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi maslahatchisi Serjan Sarsinbayev, O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay Usenov, “Otandastar” fondi departament direktori Yerjan Muqash so‘zga chiqib, Abay nafaqat qozoq xalqi, balki butun turkiy olamda o‘zining falsafiy fikrlari bilan adabiyot bo‘stoniga katta hissa qo‘shgani, uning benazir asarlari, adabiy merosi, ilm-ma’rifatga eltuvchi, adolatni kuylovchi she’rlari bilan Sharq adabiyoti yulduzlari qatoridan munosib joy olgani xususida batafsil ma’lumot berishdi.
Konferensiya doirasida qardosh yurt oliy o‘quv dargohlarining professorlari, olimlari, yirik mutaxassislari Abay ijodi xususida batafsil so‘z yuritdilar.
Shu kuni O‘zbek milliy akademik drama teatrida yubiley sanasiga bag‘ishlab, ma’daniy-ma’rifiy kecha va konsert dasturi tashkil etildi. Konsertda o‘zbek va qozoq xalqlarining taniqli san’at namoyandalari o‘zlarining kuy-qo‘shiqlari bilan tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladilar.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari