Sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

87

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilari hamda sport hakamlariga malaka toifalarini berish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq: 

Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Sport hakamlariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilari hamda sport hakamlariga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali proaktiv shaklda ko‘rsatiladi. Bunda Sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sport boshqarmalari tomonidan berilgan eski namunadagi malaka toifasi guvohnomalari ularda ko‘rsatilgan muddat tugagunga qadar amal qiladi.

Idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari tomonidan trener-o‘qituvchilar va yo‘riqchi-uslubchilar hamda sport hakamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “ERP sport” tizimiga kiritib boriladi.

2025 yil 1 dekabrga qadar “ERP sport” tizimi manfaatdor vazirlik va idoralarning tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

“ERP sport” tizimida jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilari hamda sport hakamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq shakllantiriladi.

Ko‘rsatilgan davlat xizmati to‘g‘risida jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilari hamda sport hakamlariga “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali SMS-xabarnoma yuborish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 maydagi PF-80-son Farmoniga muvofiq:

sport-ta’lim muassasasining trener-o‘qituvchilari uchun ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifalarini olish;

sport-ta’lim muassasasining yo‘riqchi-uslubchilari uchun ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifalarini olish;

sport hakamlariga malaka toifalarini berish bo‘yicha xizmatlarni proaktiv shakldagi davlat xizmatlariga o‘tkazish belgilangan edi.

O‘zA