Tramp yana bir frontda jang qilmoqchi

114

AQSH Prezidenti Donald Tramp Pentagonga terrorchi deb e’lon qilingan Lotin Amerikasidagi giyohvand moddalar bilan savdo qiladigan yirik uyushgan jinoiy tashkilotlarga qarshi harbiy kuch ishlatishga tayyorlanish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda “New York Times” yozgan.

Gazeta xabardor manbalarga tayanib yozishicha, tegishli maxfiy hujjat dengizda va xorijda kartellarga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyot olib borish uchun rasman asos yaratadi. Shu bilan birga maqola mualliflari xalqaro huquq va Amerika qonunchiligi nuqtai nazaridan bunday hatti-harakat qonuniyligini shubha ostiga olgan.

Nashr ta’kidlashicha harbiylar allaqachon harakatlanish variantlarini ishlab chiqmoqda, biroq Oq uy, Pentagon va Davlat departamenti ayni holat yuzasidan qanday huquqiy fikr bildirgani haligacha noma’lum. Bu masala Adliya vazirligi yuridik bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqilganmi yo yo‘qmi, bu ham noaniq. Mudofaa vazirligi vaziyatga izoh berishdan bosh tortgan.

Qayd etilishicha, Tramp birinchi prezidentligi davrida Meksikadagi narkotik laboratoriyalarni portlatish g‘oyasiga “qiziqqan”, biroq bu rasmiy Mexiko noroziligiga sabab bo‘lgan edi. Shunga qaramay, g‘oya respublikachilarga ma’qul keldi va 2024 yilgi saylov kampaniyasi mavzusiga aylandi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda Tramp “kartellarga urush e’lon qilish” uchun maxsus kuchlar va dengiz flotini yuborishga va’da bergan.

S.Rahimov, O‘zA