Xirosima: Yadroviy halokatning 80 yilligi xotirlandi

Yapon xalqi Xirosimaga atom bombasi tashlanganiga 80 yil to‘lganini sukut bilan esladi. Shahar markazidagi Tinchlik Memorial bog‘ida bo‘lib o‘tgan tarixiy fojiani yod etish marosimida Bosh vazir Sigeru Ishiba va boshqa amaldorlar ishtirok etdi.
Mer Kazumi Matsui Yaponiyani “urushda atom bombasi hujumiga uchragan yagona davlat” deb atadi va tinchlik sari intilish zarurligini ta’kidladi:
– Abadiy tinchlikka erishish yapon xalqining yagona umidi.

Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushi yakunida AQSH tomonidan Xirosima (6 avgust) va Nagasaki (9 avgust)ga tashlangan atom bombalari 200 mingdan ko‘p insonning umriga zomin bo‘lgan. Ko‘pchilik kutilmagan portlashdan halok bo‘lgan, qolganlar radiatsiya va kuyish asoratidan vafot etgan.

Mazkur dahshatli hodisa oqibatini boshidan kechirganlar, xususan “xibakusha” deb ataluvchi omon qolganlar qatlami hamon og‘riqli xotiralar bilan yashamoqda. 6 yoshida otasi va ikki ukasini yo‘qotgan Shingo Naito: “Otamning terisi badanidan ajrab ketgan, u mening qo‘limni ushlay olmasdi,” deya eslaydi alamli kunlarni.
Bu tarixiy saboq yadroviy qurol mavzusidagi xalqaro bahsda ham diqqat markazidan tushmayapti.

Mer global qurollanish ko‘lami kengayib borayotganini ham tanqid qildi: Yadro qurolini mudofaa kafolati, deb o‘ylash tarix fojiasidan saboq olmaslikdir. Shuningdek, u Yaponiya hukumatini 2021 yil kuchga kirgan Yadro qurolini taqiqlovchi xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilishga chaqirdi.
Yadro masalasi kun chiqar yurtda hamon bahsli mavzu. Tokio hukumati AQSH yadroviy “soyasi” ostidagi xavfsizlik kafolatini afzal ko‘rib, taqiq shartnomasini imzolamagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA