Siyosiy girdob – Hindiston 50 foiz boj to‘laydigan bo‘ldi

102

AQSH Prezidenti Hindiston Rossiyadan neft xarid qilayotganiga javoban, ushbu mamlakatdan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha 25 foizlik boj qo‘yish bo‘yicha farmon chiqardi. Endi Qo‘shma Shtatlarga olib kiriladigan hind mahsulotlariga umumiy soliq miqdori 50 foizga yetadi.

Yangi tartib 27 avgustdan kuchga kiradi. Vashington bu chorani RFning Ukrainadagi harbiy harakatiga javoban joriy qilmoqda.

Oq uy bayonotida shunday deyilgan:

– RFning Ukrainadagi harakati AQSH milliy xavfsizligi va tashqi siyosatiga tahdid solmoqda. Xatarni jilovlash uchun qat’iy chora talab qilinmoqda. Hindiston Moskvadan neft xarid qilayotgani bizning sa’y-harakatimizga putur yetkazmoqda.

Hind diyori Tashqi ishlar vazirligi bu amaliyotni keskin qoralab, bojni “nohaq, asossiz va adolatsiz” deb atadi.

– Ko‘plab davlatlar milliy manfaatidan kelib chiqib Rossiyadan energiya resurslari xarid qilmoqda, – deyilgan idora bayonotida. – Ayni vaziyatda faqat bizga nisbatan sanksiya qo‘llash noto‘g‘ri.

Tahlilchilar navbatdagi tarif to‘qimachilik, zargarlik buyumlari, avtomobil qismlari va dengiz mahsulotlari kabi Hindistonning asosiy eksport tarmog‘i tovarlariga jiddiy zarar yetkazishini taxmin qilmoqda.

– Mamlakat eksportining qariyb 55 foizi ta’sir doirasiga tushadi, – deydi Hindiston eksportchilar federatsiyasi vakili. – Yaqin oylarda umumiy savdo hajmi 40-50 foiz kamayishi mumkin.

Ayni vaqtda elektronika va farmatsevtika mahsulotlari bojdan ozod qilingani aytilyapti.

RF hozir Dehliga eng yirik neft yetkazib beruvchi sifatida umumiy  importning 35 foizini qoplaydi. Tahlillarga ko‘ra, Hindiston joriy yil birinchi yarmida Moskvadan kuniga 1,75 million barrel neft sotib olgan.

AQSH hukumati ushbu tarifni Rossiyaga nisbatan bosimni kuchaytirish va boshqa mamlakatlarga ogohlantirish sifatida izohlagan. 27 avgust sanasi esa yangi sanksiya hamda RF neftini import qilayotgan davlatlarga 100 foizgacha boj joriy etilishi ehtimoli bilan kesishmoqda.

AQSHning o‘zi ham Rossiya bilan cheklangan hajmda savdo olib borayotganini tanqid qilgan hind rasmiylari mazkur bosimni siyosiy ikki yoqlamalik, deya baholamoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA