Kurash: polvonlarimiz qit’ada tengsiz
144
Janubiy Koreyaning Kvesan shahrida milliy sportimiz kurash bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan qit’a chempionatining yakuniy natijalariga ko‘ra, 53 ta medalni qo‘lga kiritgan mamlakatimiz vakillari 1-o‘rinni egalladi.
To‘rt kunlik shiddatli bellashuvlar kurash sport turi sifatida qit’ada yanada ommalashib borayotganini, turli mamlakatlardan har tomonlama professional kurashchilar yetishib kelayotganini ko‘rsatdi.

Murosasiz bahslar sarhisobiga binoan 45 ta oltin, 5 kumush va 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan yurtimiz polvonlari yetakchilikka erishgan bo‘lsa, 2-o‘rindan joy olgan vetnamlik kurashchilar 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 bronza medaliga ega chiqdi. Hindistonlik kurashchilar 2 ta oltin, 12 ta kumush, 27 ta bronza, jami 41 ta sovrinli o‘rin bilan kuchli uchlikka yakun yasadi.
Tojikiston, Eron, Janubiy Koreya, Malayziya, Qirg‘iziston kabi 14 mamlakat vakillari ham Osiyo chempionati sovrindorlari qatoridan o‘rin oldi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA